O‘zA O`zbek

01.06.2018 18:27 Chop etish versiyasi

“Yulduzcha” bolajonlarga bayram tuhfasi bo‘ldi

“Yulduzcha” bolajonlarga bayram tuhfasi bo‘ldi Nukus shahridagi 47-“Qumbiz ovul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Yulduzcha” nomli maktabgacha ta’lim muassasasining yangi binosi foydalanishga topshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan muassasa barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-maydagi maxsus farmoyishi asosida mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar umumiy sonining 50 foizi miqdorida ota-onalari nogiron bo‘lgan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinishi belgilangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin. – Prezidentimizning alohida g‘amxo‘rligi asosida qilinayotgan ushbu xayrli ish yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, maktabgacha yoshdagi bolalarni to‘liq qamrab olish darajasini oshirish, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga maktabgacha ta’lim olishi uchun imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil qilinmoqda.

Homiylar ko‘magida qayta ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida bolalarning har tomonlama ta’lim va tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bog‘chada kun davomida ishlaydigan 6 guruhga 150 nafar bolani, qisqa muddatli ikkita guruhga 50 nafar bolani jalb qilish rejalashtirilgan.

16.jpg

30.jpg

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda Qoraqalpog‘istonda 329 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularga 54 mingga yaqin bolalar jalb qilingan. 2018-yilda esa yana 179 bolalar bog‘chasi tashkil qilinishi belgilangan. Joriy yilning o‘tgan davrida davlat xususiy sherikchilik asosida 11 bog‘cha ishga tushirilgan va ularda 550 ga yaqin bolalar tarbiyalanmoqda. 179-maktabgacha ta’lim muassasasi ishga tushishi bilan bolalarni bog‘chaga jalb qilish ko‘rsatkichi 47 foizdan oshishi kutilmoqda.

Ayni paytda byudjet mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘istondagi 51 maktabgacha ta’lim muassasasida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur bolalar bog‘chasi hududida »Avtotest-Nukus» mas’uliyati cheklangan jamiyati homiylik hisobidan avtomaydoncha qurib berdi va shu kuni ushbu korxona mutaxassislari tomonidan yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bolalarga ko‘rgazmali dars o‘tildi. Shuningdek, muassasa qoshida qurib bitkazilgan sport maydonchasida bolalar uchun yurtimizga taniqli futbolchilar tomonidan master klass mashqlari o‘tkazildi.

Yesimxan Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
8 701