Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2018 19:13 Chop etish versiyasi

Yuksak e’tibordan umrimizga umr qo‘shildi

Bugungi dorilomon kunlar, barcha jabhalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar jonajon O‘zbekistonimizda olib borilayotgan uzoqni ko‘zlovchi, tinchlik, ijtimoiy barqarorlikni, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan odilona, puxta o‘ylangan siyosatning amaliy samarasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha e’lon qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori nainki biz nuroniylarga, balki metin irodali, tinchlikparvar xalqimizning og‘ir yillardagi jasoratiga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromining amaliy ifodasidir. Ushbu hujjatlar qabul qilinganidan xabar topib, qalbim g‘oyat to‘lqinlanib ketdi, beixtiyor ko‘zimga yosh qalqdi. Negaki, tinchlikning qadr-qimmatini, uning nechog‘li buyuk ne’mat ekanini biz yoshi ulug‘lar hammadan ham ko‘ra ko‘proq his etamiz.

Vatanni himoyalash barcha uchun ham qarz, ham farz. Hech kim mustaqilligimizni, ona O‘zbekistonimizni, tinch va osoyishta hayotimizni chetdan kelib himoya qilmaydi. O‘zbek xalqi Ikkinchi jahon urushida fashizm balosini yengish uchun munosib hissa qo‘shdi. Qanchadan-qancha hamyurtlarimiz o‘z jonini tikib, boshqalari esa front ortida fidoyilarcha mehnat qilib, g‘alaba onlarini yaqinlashtirdi. Ming-minglab yetim bolalarni o‘zbek oilalari o‘z farzandidek qabul qilib, ularga xonadonidan boshpana berdi. So‘nggi nonini baham ko‘rdi.

Yuqorida nomi keltirilgan hujjatlarga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan biryo‘la 5 million so‘m miqdoridagi pul mukofotini tantanali ravishda topshirish, urush qatnashchilarining istaklari asosida ular o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga bir nafar kuzatuvchi bilan safar tashkil etilishi hamda ushbu safar bilan bog‘liq barcha xarajatlar qoplanishini ta’minlash, Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “O‘zbekiston” hamda respublika hududidagi boshqa sanatoriyalarga bir nafar kuzatuvchi bilan birga bepul yuborish, ularni zarur avia va temir yo‘l chiptalari bilan ta’minlashga oid imtiyozlardan boshimiz ko‘kka yetdi. Umrimizga umr qo‘shildi. Bayram arafasidagi turli tadbirlar, uchrashuvlar, ma’rifiy anjumanlar unga yanada shukuh, ko‘tarinki ruh, kayfiyat bag‘ishlashi shubhasiz.

O‘tgan yili Prezidentimizning tashabbusi bilan muborak Haj safariga borish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bu men uchun katta baxt. Bunday tuyg‘uni yuzlab yurtdoshlarimizning yuz-ko‘zidan anglash mumkin edi. Aslida Prezidentimizning har bir chiqishida, viloyatlarga safari chog‘ida biz – nuroniylarga bo‘lgan alohida mehri va e’tiborini, iliq munosabatini, keksalarning suhbatini astoydil tinglab, katta hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lishini doimo his etamiz.

Bu biz nuroniylarni ham yoshlar tarbiyasida yanada faollik ko‘rsatishda, yurt kelajagi, uning taqdiriga yanada ko‘proq daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etmoqda. Zero, bugungi kunda yurtimizda kechayotgan islohotlarga befarq va beg‘am tomoshabin bo‘lib, chetdan qarab turishga hech birimizning haqqimiz yo‘q.

Biz keksalarning ertayu kech dilida, tilida duo. Yurt tinchligiga ko‘z tegmasligini, davlatimiz rahbarining umrlari ziyoda bo‘lishini, O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrashini Yaratgandan hamisha so‘raymiz!

Sakson olti bahorni qarshilagan bo‘lsam-da, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bolalardek quvonib ketdim. Bu Vatan, jamiyat, xalqimiz, yosh avlod tarbiyasi oldidagi mas’uliyatni astoydil his etishga undaydi.

Ibrohimhoji Rasulov,
zaxiradagi polkovnik, urush va mehnat faxriysi,
Toshkent shahri.

O‘zA
1 677