Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 16:03 Chop etish versiyasi

Yubileyga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu borada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berildi.

Ayni paytda tasdiqlangan tadbirlar rejasiga binoan butun mamlakatimiz bo‘ylab ushbu qutlug‘ sanaga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, Samarqandda Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilayotgan maqbara majmuini va Qarshi shahrida Islom Karimov haykalining ochilishi tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti asarlari ko‘rgazmasi, Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyati haqida hujjatli film yaratish, Islom Karimov faoliyati solnomasi haqidagi kitob, "Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi" kitob-albomi, u kishining kitoblarini qayta nashr etish mo‘ljallanmoqda. Samarqand shahrida "Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi" mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

Ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda Birinchi Prezidentimizning tavallud kuniga bag‘ishlangan xotira kechalari va uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularga taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, ilg‘or tadbirkor va fermerlar taklif qilinadi. Yoshlar o‘rtasida "Mening Birinchi Prezidentim" shiori ostida xotira aksiyasi uyushtiriladi.

Shu kunlarda "Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola" tanlovi g‘oliblarini aniqlash ishlari bormoqda. Alohida qayd etish kerakki, tanlovga hatto uy bekalari, oddiy ishchilar, maktab o‘quvchilari ham o‘z ijodiy ishlarini yuborgan. Bu Birinchi Prezidentimiz butun xalqimizning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lganini ko‘rsatadi.

Oqsaroy qarorgohida tashkil etilgan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmua tomonidan ham ushbu sanaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu yerda muzey, kutubxona, arxiv, ekspomarkaz – ko‘rgazmalar zali tashkil etilmoqda. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi bitiruvchi o‘quvchilari ishtirokida Islom Karimov stipendiyasi sovrindorlari bilan uchrashuvlar, suhbatlar, ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha rejalar belgilangan.

Abdujalol Taypatov, O‘zA
8 384