Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2018 21:18 Chop etish versiyasi

YTH oqibati — ayanchli raqamlarda namoyon

2017-yilda 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 2500 ga yaqin fuqaro vafot etgan.

DTP.jpg

Xalqaro press-klub sessiyasida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar muhokama etildi.

Ma’lum qilinganidek, mamlakatimizda 2017-yilda 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 2500 ga yaqin fuqaro vafot etgan. Bunday hodisalarning oldini olish maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2017-yil mart oyidan Toshkent shahrida komputerlashtirilgan yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish tizimi ishga tushirildi, bu tizim viloyatlarda ham keng joriy etilmoqda. Natijada yo‘l harakati qoidalarini buzish sezilarli kamaymoqda. Biroq bu kabi amaliy sa’y-harakatlar yo‘llarda noxush holatlarning oldini olishda yetarli bo‘lmayapti.

Shu bois Vazirlar Mahkamasi qarorida avtomototransport vositalaridan foydalanish jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etishda javobgarligini oshirish, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ishtirok etishi uchun teng sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Joriy yil 1-iyundan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilarining malakasini oshirish davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Bu jarayonda ularga bir qator me’yoriy talab va shartlar qo‘yildi. Jumladan, haydovchilar malakasini oshirishni maqsad qilgan davlat yoki nodavlat ta’lim muassasalari, avvalo, o‘quv jarayonida darslar o‘zlashtirilishini oshirishga yo‘naltirilgan o‘qitish monitoringini olib borishi, rejalashtirishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishi, animatsiya effektlari va videokontentga ega elektron o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning mavjudligiga alohida e’tibor qaratishi shart.

Press-klubdagi tadbirda yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun javobgarlik borasida kutilayotgan yangiliklar ham aytildi. O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidasini buzganlik to‘g‘risidagi protokol elektron shaklda tuzilishi rejalashtirilmoqda. Bu tartib yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etilgandan so‘ng amalga oshirila boshlaydi. Qoidabuzilishlar bo‘yicha barcha ma’lumotlar maxsus elektron bazaga joylashtiriladi. Ayni paytda mazkur tizimni ishlab chiqish va tatbiq etish jarayoni ketayapti.



Ushbu maqola O‘zA obunachilariga taqdim etilgan yangilikning bir qismi bo‘lib veb saytda qisqartirilgan shaklda chop etildi. 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
5 292