Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

24.04.2018 11:02 Chop etish versiyasi

Yovvoyi suv qushlari va qimmatbaho mo‘ynali suv hayvonlarini ovlashga jismoniy shaxslarga ham imtiyozli huquqlar beriladi

Yovvoyi suv qushlari va qimmatbaho mo‘ynali suv hayvonlarini ovlashga jismoniy shaxslarga ham imtiyozli huquqlar beriladi
Mamlakatimiz tabiati noyob hayvonot va nabotot olamiga boy. 

O‘zbekistonda hayvonot olamining 15,5 mingdan ortiq, umurtqasizlarning 15 mingga yaqin turi bor. Ularning 77 turi Qizil kitobga kiritilgan. Jumladan, oliy (0-status) maqomga mansub bitta tur, 1-maqom (status)ga ega 17 ta tur, 2-maqomga mansub 58 ta tur va nihoyat, 3-maqomga ega bo‘lgan bitta tur Qizil kitobdan joy olgan. 18 ta tur endemik bo‘lib, undan uchtasi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘tgan davr mobaynida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish maqsadida sohaga doir huquqiy asoslar mustahkamlandi.

Biroq, yillar o‘tishi bilan amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar va uni qo‘llash mexanizmini takomillashtirish talab etildi. Shu maqsadda 2016-yil 19-sentyabrda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda 2016-yil 21-sentyabrda “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar yangi tahrirda qabul qilindi.

Bugungi kunda mazkur qonunlarning ijro etilishi holati tahlil qilinganida sohadagi munosabatlarni tartibga solish bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zaruratini ko‘rsatdi. Joriy yilning 18-aprel kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazkur kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Jumladan, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarining majburiyatlarini belgilovchi 35- va 351-moddalari tabiiy resurslarning turlaridan biri bo‘lgan o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirildi. Bu bilan suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilariga faqatgina o‘rmonlarga emas, balki umuman o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi majburiyatlar yuklatildi.

Shuningdek, suv obyektlaridan sport va havaskorlik maqsadida baliq ovlash uchun foydalanish shartlari ham aniqlashtirildi. Endilikda baliqchilik xo‘jaligi tashkilotlariga biriktirilgan tabiiy suv havzalarida, baliqchilik pitomniklarida hamda hovuz xo‘jaliklarida, shuningdek, ovchilik-baliq ovlash jamiyatlariga biriktirilgan joylarda sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash ularning ruxsatiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Suvdan foydalanish uchun imtiyozli huquqlar berib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan subyektlarni aniqlashtirish maqsadida “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 65-moddasi yangi tahrirda tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yovvoyi suv qushlari va qimmatli mo‘yna beradigan suv hayvonlari – qunduz, ondatra, suv kalamushi, nutriya va hokazolar yashaydigan daryolarda, ko‘llarda va boshqa suv obyektlarida ovchilik xo‘jaligini yuritishni amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxsga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xo‘jaligi organlari suvdan kompleks foydalanish talablarini hisobga olgan holda suvdan foydalanishga doir imtiyozli huquqlar berishi mumkin. Ilgari faqat ovchilik xo‘jaligi korxonalariga va tashkilotlariga bunday imtiyozli huquq berilar edi. Endi esa ovchilik xo‘jaligini yuridik shaxslar ham, jismoniy shaxslar ham yuritishi mumkin. Shu munosabat bilan, qonunchilikka kiritilgan mazkur o‘zgartish ovchilik xo‘jaligini yuritayotgan barcha subyektlarga bir xilda sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Muxtasar aytganda, qonunchilikdagi ushbu o‘zgartishlar hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini yanada mustahkamladi.

Farhod Esonov, O‘zA
1 480