Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 20:22 Chop etish versiyasi

Yoshlikning ham uvoli bor

Poytaxtimizning Olmazor tumanida ichki ishlar idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlarning biri Toshkent madaniyat kollejida o‘tkazildi.

Ta’lim muassasasi pedagoglari, o‘quvchilar bilan bo‘lgan muloqotda Yoshlik talabalar shaharchasi hokimi Q.Shonazarov, shaharcha ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sh.Mirzajonov, Olmazor tumani prokurori katta yordamchisi K.Yoqubov va boshqalar mamlakatimizda dunyo standartlariga javob beradigan oliy ta’lim muassasalari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va maktablar faoliyat ko‘rsatayotgani, ularda yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun barcha sharoit yaratilganini ta’kidladi.

Bunday e’tibor va rag‘bat yoshlarning zimmasiga yetuk mutaxassis, kasb-hunar egasi bo‘lishni yuklash bilan birga, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasdan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat”, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashishni ham talab etadi.

Ayni vaqtda mazkur kollejda 913 o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda. Profilaktika tadbirida 14 o‘quvchi dars-mashg‘ulotlarga muntazam qatnashmayotgani, 23 nafari esa ta’lim muassasasida belgilangan tartib-intizom qoidalarini buzganligi aniqlandi. Tadbirda ana shunday o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazilib, bu kabi salbiy holatlar takrorlansa, ularga kollej ma’muriyati, ichki ishlar idoralari tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi ogohlantirildi.

– Ta’lim muassasamizda profilaktika tadbirlari o‘tkazilayotgani biz, yoshlar uchun juda ahamiyatlidir, – deydi kollej o‘quvchisi Sh.Erkinov. – Ayniqsa, tartib-intizomga rioya qilmayotgan ba’zi tengdoshlarim o‘z vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘qish va jamoatchilik ishlarida namuna ko‘rsata boshlagani quvonarlidir. Shu bilan birga, ichki ishlar idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari bilan bo‘layotgan muloqotlarda huquqiy madaniyatimiz ham oshib bormoqda.

Tadbirda kollejda yoshlarni yot illatlardan asrash borasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi.

Malohat Husanova, O‘zA
747






Все о погоде - Pogoda.uz