O‘zA O`zbek

01.03.2018 13:02 Chop etish versiyasi

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bag‘ishlandi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Ikromov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, senator, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, xalq shoiri I.Mirzaaliyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Mudofaaga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti markaziy kengashi raisi o‘rinbosari M.Umarov jurnalistlarning yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasiga taaluqli savollariga javob berdi.

Mazkur konsepsiya Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan.

Bugungi kungacha mazkur yo‘nalishda mamlakat miqyosida yagona muvofiqlashtiruvchi tizim, yagona markaz mavjud bo‘lmagan. Endi esa bu masalalar Mudofaa vazirligida yechim topadi.

Konsepsiya yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning nazariy asoslarini tizimlashgan va izchil ravishda bayon qilish, uning dastlabki yo‘l-yo‘riqlari, maqsadi, vazifalari, tamoyil va yo‘nalishlari, shakl va uslublari, vazirlik va idoralar, jamoat birlashmalari va tashkilotlari, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarining o‘zaro hamkorligi jarayonida mazkur faoliyatning samaradorligini ta’minlash shartlarini ifodalaydi.

Anjumanda kitobxonlikka qiziqishni oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida urg‘u berildi. Ma’lum qilinganidek, Yoshlar ittifoqi tomonidan harbiy qismlar kutubxonalari fondini boyitish uchun qariyb o‘n mingta kitob yuborilgan. Askar bir yillik xizmati davomida turli mazmundagi kamida 45 ta kitob o‘qishi shartligi aytib o‘tildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda spektakl, badiiy film va kliplardan foydalanish ham katta ahamiyatga ega. Mudofaa vazirligining Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida "Turon" teatr-studiyasi ochilgani muhim yangilik bo‘ldi. Teatr-studiya badiiy rahbari S.Meliyev jamoaning ijodiy yutuqlari, harbiy qism va garnizonlarga safari chog‘ida tomoshabinlar bilan uchrashuvlari xususida so‘zlab berdi.

Inson tarbiyasi oiladan boshlanadi, so‘ng maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab, kollej yoki institut, armiyada davom etadi. Har bir bosqichda yoshlarning kamol topayotgan ongini yot g‘oyalardan ehtiyot qilish kerak. Konsepsiya shu muhim masalani hal etishga ham xizmat qiladi.

Ablay Kamolov, O‘zA
8 894