Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 17:13 Chop etish versiyasi

Yoshlar tibbiyot va pedagogika, moliya, axborot texnologiyalari, huquqqa oid ixtisosliklarni tanlamoqda

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish ijtimoiy markazi tomonidan "O‘zbekiston yoshlari: hayotiy qadriyatlar, axloq, ijtimoiy yo‘nalishlar" mavzuida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini o‘rganib chiqib, ushbu xulosaga kelish mumkin.

Tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligi oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi va "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonlarini hayotga joriy etish maqsadida o‘tkazilgan.

So‘rov natijalari yoshlarning hayotiy qadriyatlari sohasida ta’limning ustuvorligini ko‘rsatmoqda. Bu O‘zbekiston yoshlarining ta’lim darajasini muntazam oshirishga bo‘lgan intilishida namoyon bo‘lmoqda. Har ikkinchi yigit-qiz oliy, o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligi, oliy o‘quv yurtlari talabalari safi yildan-yilga kengayayotgani bunga yorqin misoldir.

So‘rov mustaqillik yillarida yoshlar orasida oliy ma’lumotning ijtimoiy ahamiyati muntazam ortib borayotganini ko‘rsatdi. Agar 2010-2011-yillarda yoshlarning uchdan bir qismi oliy ma’lumot olishni istagan bo‘lsa, 2015-yil bu ko‘rsatkich 57,3 foizni, 2016-yil 56,8 foizni, 2017-yil 62 foizni tashkil etdi. Oliy ma’lumot olishni istagan yoshlar ko‘proq tibbiyot va pedagogika, shuningdek, moliya, axborot texnologiyalari, huquqqa oid ixtisosliklarni tanlamoqda.

So‘rov yosh o‘zbekistonliklar xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ham ko‘rsatdi. Shu sababli, yoshlar davlatimiz tomonidan xorijiy tillarni o‘rganishni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar o‘z vaqtida bajarilayotganini hamda ularning ahamiyatini alohida qayd etdi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida belgilab berilgan umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish vazifalarini ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston yoshlari (28,9 foizi) davlat mustaqilligi ularga ijtimoiy va siyosiy hayotda ishtirok etish, kasb tanlash uchun keng imkoniyatlar, xorij tillarini o‘rganish uchun qulay sharoitlar (18,8 foiz), xorijda ta’lim olish imkonini taqdim etdi, deb hisoblaydi.

So‘rov natijasida oila va ijtimoiy muloqot muhiti yoshlarda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda hal qiluvchi o‘rin tutishi aniqlandi. Bu jarayonda mahalla, o‘quv muassasalari, ommaviy axborot vositalarining ham o‘z o‘rni bor.

Monitoring istiqlol yillarida mamlakatimiz yoshlarining ongi jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ko‘rsatdi. Bu yoshlar dunyoqarashining kengaygani, ularda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat va iftixor tuyg‘ulari shakllanganida yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston yoshlariga Vatanga muhabbat va unga fidokorona xizmat qilish va himoya qilishga tayyor turish bilan ifodalanuvchi yuksak darajadagi vatanparvarlik tuyg‘usi xosdir.

O‘zbekiston yoshlarining milliy ongi xalq urf-odat va an’analari, millatning ma’naviy o‘zligi – O‘zbekiston milliy mustaqilligi, xalqning boy tarixi, ajdodlarning ulkan merosi, ona tili va milliy madaniyatida namoyon bo‘ladi.

Yoshlarning aksariyati mustaqillik yillarida yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ulari mustahkamlanib borayotganini ta’kidlagan. So‘rovning deyarli barcha ishtirokchilari, yashash joyi, jinsi, yoshi, oilaviy sharoiti, ta’lim darajasi, kasbi yoki millatidan qat’i nazar, shu fikrni bildirgan. Ular o‘zlarini vatanparvar insonlar deb bilishadi. Yoshlarning fikricha, vatanparvarlik "Vatanga muhabbat va sadoqat", "uning himoyasiga tayyor turish", "davlatning buyuk kelajagi uchun kurash", "o‘z xalqi tarixi, madaniyati va an’analarini bilish va e’zozlash" kabi tushunchalarda namoyon bo‘ladi.

Mazkur so‘rov O‘zbekiston yoshlari sog‘lom hayot tarziga rioya qilish, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlari va narkotiklardan tiyilish, sport bilan shug‘ullanish, o‘z turmush tarzi va ovqatlanishiga e’tiborli bo‘lish haqida to‘g‘ri tasavvurga ega ekanliklarini ko‘rsatdi. Shuningdek, yosh yurtdoshlarimizning deyarli barchasi sog‘lom turmush tarziga amal qilishi aniqlandi.

Umuman olganda, O‘zbekiston yoshlarining hayotiy qadriyatlari, axloqlari va ijtimoiy kayfiyatini aniqlash borasida olib borilgan ko‘p yillik tadqiqotlar mustaqillik yillarida vatanimiz yoshlarining qadriyat, qiziqish va ijtimoiy mezonlari tizimida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz yoshlari hayotidan rozi va Vatani bilan faxrlanadi. Bu Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan samarali, ijtimoiy yo‘naltirilgan yoshlarga oid davlat siyosatining hayotga joriy etilayotgani natijasidir.


"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik
fikrini o‘rganish ijtimoiy markazi
ma’lumotlari asosida

Ablay Kamolov, O‘zA
1 753






Все о погоде - Pogoda.uz