Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.10.2017 14:38 Chop etish versiyasi

Yoshlar Prezident nutqini o‘rganmoqda

Mamlakatimiz yoshlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqini chuqur o‘rganmoqda.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida mazkur nutqning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda partiya markaziy kengashi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.

Institut prorektori Sh.Oripov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Q.Karimbekov Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida so‘zlagan nutqida bugungi kundagi barcha dolzarb masalalar qamrab olingani, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik asosli tashabbuslar ilgari surilganini ta’kidladi.

Ulardan biri BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish taklifidir. Bu ta’limni rivojlantirish orqali jaholatga barham berish, jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk allomalarimiz, xususan, Imom Buxoriyning boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifiy islom dini to‘g‘risidagi ta’limotni keng yoyish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda.

– Bugungi tadbirda mutaxassislar Prezidentimiz nutqining mazmun-mohiyati haqida yoshlarga batafsil tushunchalar berdi, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi sektor mudiri Umrbek Bektemirov. – Yurt tinchligi va kelajagi yoshlarning ongu tafakkuri, ma’rifat dunyosi va tarbiyasi bilan ham bog‘liq. Shu sabab davlatimiz rahbarining BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish bo‘yicha taklifi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo tinchligi va ravnaqiga qaratilgan jonkuyarlikdir.

Davra suhbatida mavzu doirasidagi masalalar, ilgari surilgan g‘oya-takliflar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 568






Все о погоде - Pogoda.uz