O‘zA O`zbek

05.12.2017 16:29 Chop etish versiyasi

“Yoshlar poyezdi” – Samarqandda

“Yoshlar poyezdi” – Samarqandda Samarqand viloyatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq o‘tkazilgan aksiya yoshlarni mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Targ‘ibot aksiyasi ishtirokchilari dastlab Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi.

14.JPG

Shundan so‘ng taniqli olimlar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollaridan iborat targ‘ibot guruhlari tuman va shaharlarga chiqib, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, kitob taqdimotlari, xayriya tadbirlari tashkil etildi, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdilar.

Paxtachi tumanidagi “Ziyovuddin tolasi” korxonasi va 25-bolalar musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan muloqotlarda Konstitutsiyamiz va u asosida qabul qilingan qonunlarda yoshlar hayoti, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan belgilangan qoidalar haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimizning yoshlarga oid siyosati ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

16.JPG

Qo‘shrabot tumanidagi Zarmitan konchilar madaniyat uyida mahalla aholisi hamda Qo‘shrabot sanoat va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchilari bilan Yoshlar ittifoqi faollarining ochiq muloqotida yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va yengilliklar qayd etildi. Ota-onalar va yoshlarning bu haqdagi savollariga batafsil javob qaytarildi.

Targ‘ibot guruhi a’zolarining Kattaqo‘rg‘on iqtisodiyot kollejida yoshlar bilan uchrashuvida tuman markazida kutubxona va sport maydonchalari tashkil qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qismda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar bilan uchrashuvda milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiylar va ularning oila a’zolari uchun yaratilayotgan sharoit, berilayotgan imtiyozlar haqida so‘z yuritildi. Askarlarga kitob va boshqa esdalik sovg‘alari berildi. Shu kuni shahardagi Kattaqo‘rg‘on davlat drama teatrida yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan asrashga qaratilgan, yot oqimlarning kirdikorlari fosh etilgan spektakl namoyish etildi.

Samarqand serjantlar maktabi hamda "Temurbeklar maktabi"dagi uchrashuvlar ham yoshlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Tabirlarda Bosh qomusimiz targ‘iboti haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda, yoshlarni o‘ylantirayotgan savol va muammolarga birgalikda yechim topildi. Shahardagi 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirokida mavzu yuzasidan rasmlar tanlovi o‘tkazilib, faol ishtirokchilar Yoshlar ittifoqi va hamkor tashkilotlar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

– Targ‘ibot aksiyasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning avvalgilardan asosiy farqi shundaki, bunda targ‘ibotchi ham, tinlovchi ham yoshlarning o‘zi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Umid O‘sarov. – Bu esa tomonlarning bir-birini tushungan holda o‘zaro fikr almashishi, savollariga javob topishi hamda taklif va istaklarini erkin bayon etishiga qulay imkoniyat hisoblanadi. Barcha tuman va shaharlarda o‘tkazilgan tadbirlarimiz ana shu jihatlari bilan har tomonlama samarali bo‘ldi.

Targ‘ibot guruhi a’zolari har bir tuman va shaharda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar farzandlari, nogiron yoshlar bilan ham uchrashib, ularga zarur vositalar va esdalik sovg‘alari topshirdi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
19 027