O‘zA O`zbek

05.02.2018 16:00 Chop etish versiyasi

Yoshlar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi

Yoshlar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar vakillari, harbiy xizmatchilar va bo‘lajak askarlarning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida yoshlarda harbiy xizmatga qiziqish ortib borayotgani, Vatan himoyachisi bo‘lish yuksak sharafga aylangani alohida ta’kidlandi.

20.JPG

– Qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘usi jo‘sh urib turgan askar yigitlar safiga o‘g‘lim Muhammadjon ham qo‘shilganidan xursandman, – deydi Bo‘ka tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan M.Abduvaliyevning onasi Ma’mura opa Usmonova. – O‘g‘limni askarlik libosida ko‘rib, ko‘zimga yosh keldi. Ulg‘ayib, Vatanimizga xizmat qiladigan o‘ktam va jasur yigit bo‘lib qolganini sezmay ham qolibman. Uning doim sportga qiziqishi, kasb-hunar kollejida a’lo baholarga o‘qiganidan xursand bo‘lardim. Bugun uni harbiy xizmatga kuzata turib, ko‘nglimdagi eng ezgu orzulardan biri ushalayotganini his qildim.

Xuddi shunday tadbir Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan o‘tkazilib, unda bir guruh yigitlar muddatli harbiy xizmatga tantanali tarzda kuzatildi. Unda Toshkent shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, bo‘lajak askarlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda bo‘lajak askarlarning ota-onalari ham so‘zga chiqib, yoshlarning kelgusi ishlariga ulkan zafarlar tilab, duo qildi.

25.JPG

– Bolalikdagi orzularim ushalib, muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketayotganimdan xursandman, – deydi Oxunjon Mavlonov. – Xizmat davrida bor kuch-bilimimni sarflashga, haqiqiy yurt himoyachisi bo‘lishga harakat qilaman. Milliy armiyamiz saflarida o‘z yigitlik burchimni o‘tab, ota-onam ishonchini oqlash, yurtimizga kerakli inson bo‘lish asosiy maqsadimdir.

18.jpg

Marosimda bo‘lajak askarlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar ijrosidagi Vatan, tinchlik va yoshlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
20 987