O‘zA O`zbek

06.02.2018 21:40 Chop etish versiyasi

Yoshlar masalalari tanqidiy tahlil qilindi

Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining raisi Qahramon Quronboyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining hamda tuman, shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashlari raislari, ularning o‘rinbosarlari, mahalliy Kengashlar raislari, hududiy IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari, tuman, shahar ichki ishlar boshqarmalari, bo‘limlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy va tuman, shahar kengashlari raislarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Videoselektorda hududlarda yoshlar masalalari bo‘yicha ishlarga talab darajasida qaralmayotgani, mas’ul xodimlarning faoliyatida sovuqqonlik kuzatilayotgani tanqidiy tahlil qilindi. Bu kabi kamchiliklar oqibatida mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari ko‘payayotgani aytildi.

Viloyatlar va tumanlarning yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari hisobot berdi. Yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlarining hamkorligini mustahkamlash va mas’uliyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlarining hamkorligini mustahkamlash va mas’uliyatini oshirish, o‘quvchi-yoshlarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, yoshlarda tadbirkorlik qobiliyatini shakllantirishga alohida e’tibor berish, bu jarayonga malakali kadrlarni jalb etish, yoshlar uchun biznes sohasiga oid adabiyotlar yaratish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Joriy yilda joylarda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ustuvor vazifalar hamda istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Davron Sunnatov, O‘zA
7 601