Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 14:29 Chop etish versiyasi

Yoshlar ittifoqining sa’y-harakati bilan bir yigit kamida 5 yil qamoq jazosidan qutqarib qolindi

Sheroz Suvonov Tayloqning Ukrach qishlog‘ida tug‘ilgan. Qo‘lida gulday hunari bor. Samarqanddagi yirik korxonalardan birida ishlaydi. Halol mehnat qilib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlardan biri. Nima bo‘ldi-yu, qiziqqonligi, qolaversa, o‘z harakatining ijtimoiy xavflilik darajasini bilmasligi oqibatida “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali  “Жесты и катастрофы” kanalidagi jangari videorolikni tanishiga yubordi.

Bu nojo‘ya harakat fosh etilgach, Sherozga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi ochildi. Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, u 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Yaqinda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi binosida Toshkent shahar sudining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Sheroz Suvonovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi raisi R.Qobilov, Tayloq tumani kengashi raisi M.Ashurov ham ishtirok etdi va Sh.Suvonov haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilayotganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu tashkilot zimmasiga yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim vazifalar qo‘ydi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi raisi R.Qobilov. – Jumladan, hayotda bilib-bilmay huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan yoki boshqa nojo‘ya ishga qo‘l urgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish ham ittifoqimiz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, sud majlisida Sheroz Suvonovning bu xatti-harakati oqibatini bilmasdan sodir etgani, bu ishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini inobatga olib, uning bu xatosini tuzatishga biz ham yordam berishimizni bildirdik. Sherozning kelgusida bunday nojo‘ya ishlar qilmasligi va yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lib, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish tadbirlarida qatnashishiga, el-yurt uchun kerakli kadr bo‘lib yetishishiga kafolat berdik.

Sud yoshlar ittifoqining ijobiy tavsifnomasi va kafolatini inobatga olib, sudlanuvchi Sh.Suvonovga tayinlanishi mumkin bo‘lgan 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosini 3 yilgacha axloq tuzatish ishiga almashtirdi.

Yoshlar ittifoqining sa’y-harakati bilan bir yigit kamida 5 yil qamoq jazosidan qutqarib qolindi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
6 862