O‘zA O`zbek

01.02.2018 18:14 Chop etish versiyasi

Yoshlar ijod saroyida “Hikmatlar olami” I respublika xattotlik festivali bo‘lib o‘tmoqda

Yoshlar ijod saroyida “Hikmatlar olami” I respublika xattotlik festivali bo‘lib o‘tmoqda O‘zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan festival ochilishida hunarmandlar, diplomatik korpus va keng jamoatchilik vakillari, san’atkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

9.JPG

Xattotlik arabcha “husnixat yozuvchi” degan ma’noni bildirib, yozuv (xat) san’ati, kitob ko‘chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitobatlarini yaratish kasbini anglatadi. Sharq xalqlarining uzoq asrlik tarixida yaratib qoldirgan madaniy merosida xattotlik va kitobat san’ati alohida o‘rin egallagan. Kitob bosish yo‘lga qo‘yilgunga qadar qo‘lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko‘paytirish (matn ko‘chirish) bilan xattotlar shug‘ullangan.

15.JPG

Festival doirasida yuzdan ortiq xattot va hunarmandning ijodiy ishlari namoyish etildi. Taqdim etilgan xattotlik ishlari hay’at tomonidan yuqori baholanib, ishtirokchilar “Eng mohir xattot”, “Yangi yozuv turini yaratgan eng mohir xattot”, “Amaliy san’at asarlarida xattotlik namunalaridan foydalangan eng mohir hunarmand”, “Eng yosh xattot”, “Nasta’liq xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Suls xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Devoniy xati bo‘yicha eng mohir xattot”, “Qur’on xattotligi”, "Me’moriy xattot" kabi nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

1.JPG

– “Hikmatlar olami” xattotlik festivalining tashkil etilishi katta ilmiy va amaliy ahamiyatiga ega, – deydi "Me’moriy xattot" nominatsiyasi g‘olibi Islom Mamatov. – Chunki tadbirning birinchi bor o‘tkazilishi yurtimizda bu san’at bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar va xattotlarga bo‘lgan katta e’tibordir. Yana bu bizning uzoq kutilgan orzularimiz ro‘yobi ham. Shoir va mutafakkir Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» («Saodatga yo‘llovchi bilim») asarida shunday misralar bor: «Bitib qo‘ymasa edi dono qalami, qorong‘u qolar edi moziy olami». Bu hikmatli misra aynan xattotlarga berilgan yuksak bahodir.

27.JPG

– Kasbim muhandis. Yetmish sakkiz yoshdaman, – deydi samarqandlik xattot, "Qur’on xattotligi" nominatsiyasi g‘olibi Shavkat Istamov. – Bobom, ota-onam xattotlikdan yaxshi xabardor edi. Xattotlikka qiziqishim bolaligimda paydo bo‘lgan. Pahlavon Mahmud, Umar Hayyom, Ro‘dakiy kabi ulug‘ shoirlarning ijod namunalarini arab imlosida yozib, kitob qildim. Qur’oni karimni besh nusxada ko‘chirdim. Xattotlik – ulug‘ ish. Negaki, bizning tarix va ma’naviy merosimiz shu san’at orqali namoyon bo‘ladi. Buni yoshlarimiz bilishi va o‘rganishi zarur.

Ko‘ngilga xush yoquvchi kuy-qo‘shiqlar va o‘qilgan she’riy ta’rifu tavsiflar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ilk bor va o‘ziga xos tarzda o‘tkazilayotgan xattotlik festivali joriy yilning 3 fevraliga qadar davom etadi.

Nasiba Ziyodullayeva, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
20 803