Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 14:10 Chop etish versiyasi

Yoshlar harbiy qismda

Yoshlar harbiy qismda Farg‘ona shahridagi harbiy qismlardan birida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab harbiy xizmatchilar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Farg‘ona shahridagi “Temurbeklar maktabi”, Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 3-akademik litsey o‘quvchilari, Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik T.Ergashev mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, ixcham, tezkor va zamonaviy milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lidagi izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Milliy armiyamiz yoshlarning irodasini toblaydigan, ularni o‘z Vatani va xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalaydigan jasorat va matonat maktabiga aylandi. O‘g‘lonlarimizning harbiy xizmatga, boshqacha aytganda, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga bo‘lgan qiziqish va intilishi kuchaydi.

4.JPG

Konstitutsiyamizda Qurolli Kuchlarning huquqiy maqomi aniq belgilab qo‘yilgan, armiyamiz O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi, xalqimizning osuda hayoti va xavfsizligini ta’minlash uchun tashkil etilgani ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikasining “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlari Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy asoslarini o‘zida mujassam etgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha harbiy akademik litseylarning “Temurbeklar maktabi” deb nomlanishi ajdodlarga munosib vorislarni tarbiyalash, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tayyorlashga xizmat qilmoqda. Turli soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishib kelayotgan yigitlar uchun “Mard o‘g‘lonlar” davlat mukofoti ta’sis etilgani bu ezgu maqsadlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim rag‘bat bo‘ldi.

Harbiy xizmatchilar o‘quvchi-yoshlarga mahoratli, mashqda toblangan, kuchli qo‘shin Vatanning qudratini belgilashi, chegaralari daxlsiz, tinchlik-xotirjamlik barqaror yurt hamisha obod va farovon bo‘lishi, mamlakatimiz mana shunday milliy armiyaga ega ekani haqida g‘urur bilan so‘zlab berdi. Yoshlar harbiy qismdagi sharoitlar bilan tanishdi.

8.JPG

– Bugun harbiy qismdagi sharoitlarni ko‘rib, harbiy bo‘lishga qiziqishimiz yanada ortdi, – deydi “Temurbeklar maktabi” o‘quvchisi Xurshid Tursunaliyev. – Vatanni himoya qilish, uning tinchligi va osoyishtaligini asrash har birimizning muqaddas burchimizdir. Mana bunday uchrashuvlar esa biz, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
12 052