Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 13:24 Chop etish versiyasi

Yoshi ulug‘larga g‘amxo‘rlik – insoniy burchimiz

Qizlarxon momo 80 bahorni qarshiladi. U shu yoshga yetguncha ne-ne kunlarni ko‘rmadi, qanday sinovlarni boshidan kechirmadi. Ammo keksalik davri mustaqillik yillariga to‘g‘ri kelganiga shukronalar aytadi.

– Zap yashaydigan zamon keldi-da, bolam, – deydi Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yashovchi Qizlarxon momo Xo‘jabekova. – O‘z vaqtida pensiya olamiz, doimo holimizdan xabar olib turishibdi. Ollohga shukrlar bo‘lsin, to‘kin-sochinlik, to‘qchilik...

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq yolg‘iz pensionerlar va nogironlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 1991-yil 27-maydagi «O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlarni ijtimoiy himoyalash yuzasidan qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni va «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunida o‘z aksini topdi.

Bosh qomusimizning 39-moddasida «Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega»ligi belgilab qo‘yilgan.

2010-2015-yillarda mamlakatimizda yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordamni kuchaytirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Shu yillarda keksalar va pensionerlar uchun mo‘ljallangan 12 Saxovat va Muruvvat uyi moddiy-texnik bazasi, 14,6 ming yolg‘iz keksa, pensioner, nogironlarning turar joy sharoitlari yaxshilandi, 5,4 ming odam reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlandi, 6,4 ming nogiron va pensioner sanatoriyalarda sog‘liqlarini tikladi.

Mazkur sa’y-harakatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchillik bilan davom ettirilayotir.

2016-yil 28-dekabrda Prezidentimizning «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unda “Nuroniy” jamg‘armasi xodim-pensionerlariga pensiyalarini to‘la hajmda to‘lash, “Nuroniy” jamg‘armasi markaziy apparati, uning viloyatlardagi barcha bo‘linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur shart-sharoitlar yaratish, mebel, komputer texnikasi va aloqa vositalari bilan ta’minlash belgilangan.

– Yana bir muhim yangilik: fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimini kiritish hamda “Nuroniylar maskani” komplekslarini yaratish va ularda o‘quv zallari, hordiq xonalari, davolash fizkulturasi, ovqatlanish xonalari va tibbiy kabinetlarni tashkillashtirishdir, – deydi O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Shuhrat Usmonov. – Farmonda belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan qizg‘in ishlar boshlab yuborilgan.

«Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan katta avlod vakillariga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, tibbiy xizmat va ijtimoiy-maishiy ta’minotni yaxshilash, yolg‘iz kishilar va ehtiyojmand keksalarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Haftada bir marta chop etiladigan «Nuroniy» gazetasi hamda tez kunlarda birinchi soni chiqadigan «Keksalik gashti» jurnalida nafaqat jamg‘arma tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, balki yoshi ulug‘ insonlarning ibratli hayot yo‘llari hamda amalga oshirgan ulug‘ ishlari haqida hikoya qiluvchi materiallar berib boriladi.

Keksalar va faxriylarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish barobarida ularni yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish, ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.

Shahar va tumanlarimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 40 mingga yaqin jamoatchilik guruhi turli sohalar bo‘yicha tajribali mutaxassislar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar, olima ayollardan tashkil topgan. Ushbu guruhlar muntazam ta’lim muassasalari, turli davlat idoralari va tashkilotlarda yoshlar bilan uchrashib, o‘zlarining hayotiy tajribalari bilan ularga o‘rnak bo‘lmoqda.

Jamg‘arma tomonidan muntazam ravishda Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi singari ko‘plab tashkilotlar bilan birgalikda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkillashtiriladi.

Joriy yilning 15-martidan boshlab pensionerlar Toshkent metropoliteni xizmatidan bepul foydalanayotgani mamlakatimizda keksalarning hayot darajasi va sifatini oshirish, pensiya ta’minoti va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish, yoshi ulug‘ insonlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganining yorqin namunasidir.

Navro‘z bayrami munosabati bilan «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalar va oilalarga oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat bayram sovg‘alari ulashildi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, «biz bugungi kamolimizda, hayot yo‘llarida erishayotgan yutuqlarimizda ota-onalarimiz, mo‘tabar qariyalarimizning beqiyos xizmati borligini unutmasligimiz, ularning og‘irini yengil, hayotini farovon qilishga intilishimiz lozim. Bu aziz insonlar biz barpo etayotgan yangi jamiyatni qurishda o‘zlarining boy hayotiy tajribasi, ibrati va o‘gitlari bilan katta hissa qo‘shayotganini, ayniqsa, qadrlashimiz darkor».

Mohigul Qosimova, O‘zA
657






Все о погоде - Pogoda.uz