O‘zA O`zbek

05.03.2018 14:42 Chop etish versiyasi

Yosh texniklar festivali

Yosh texniklar festivali Namanganda “Yosh talantlar innovatsiyalari – hayotga” shiori ostida o‘quvchilar festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda “Barkamol avlod” bolalar markazlari qoshidagi to‘garaklarda fan-texnika sirlarini o‘rganayotgan iqtidorli yoshlar o‘z ixtirolari, texnik ishlanmalari bilan ishtirok etdi.

11.jpg

– Prezidentimiz tomonidan innovatsion texnologiya va g‘oyalarning bugungi kundagi beqiyos ahamiyatiga alohida e’tibor berilayotgani bejizga emas, – deydi viloyat “Barkamol avlod” markazi direktori H.Mamatova. – Zero, dunyo tamaddunida hamisha hal qiluvchi rol o‘ynagan ilm-fan va uning amaliyotdagi tatbiqi bugungi global taraqqiyot asrida yuz karra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur festival innovatsion texnologiyalar bo‘yicha iste’dodli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Festivalda yoshlarning avtomodel, avia-raketa model, kemasozlik, robototexnika, elektron o‘yinchoqlar, informatika va komputer texnologiyalari yo‘nalishidagi innovatsion texnik ishlanmalari, dastur va loyihalari, o‘z qo‘llari bilan yasagan modellari namoyish etildi.

Festival ishtirokchilarining ishlanmalari mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Birinchi o‘rinni aviamodel hamda elektron o‘yinchoqlar ishlanmalari bo‘yicha Uchqurg‘on tumanidagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Qobiljon Tojimirzayev va Abubakir Abduqahhorov, veb-sayt ishlanmalari bo‘yicha Pop tumanidagi 10-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Elyor Rahmatullayev, robototexnika yo‘nalishida Norin tumanidagi 43-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Muhammad Nabijonov, kemasozlik yo‘nalishida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 6-sinf o‘quvchisi Akbar Mahmudov, avia-raketa modellari bo‘yicha Namangan shahridagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Temur Maqsudov egalladi.

Festival nizomiga ko‘ra, yuqoridagi yo‘nalishlarning ikkinchi va uchinchi o‘rinlari sohiblari, ”Eng yosh festival ishtirokchisi”, “Eng noan’anaviy innovatsiya muallifi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlar festival tashkiliy qo‘mitasi tomonidan mukofotlar bilan taqdirlandi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
14 911