Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2018 13:05 Chop etish versiyasi

Yosh olimlarimizning ma’ruzalari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi

Yosh olimlarimizning ma’ruzalari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida yosh sharqshunoslarning akademik Ubaydulla Karimov nomidagi XV ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan 90 ga yaqin akademik va professorlar, yosh olimlar ishtirok etgan anjumanda buyuk allomalarimizning ilmiy merosi va falsafiy qarashlarini o‘rganish, me’moriy yodgorliklar tarixi, sharq xalqlari adabiyotining ommalashuvi va ma’naviy-badiiy qirralari, o‘zbek tilshunosligidagi tadqiqotlar jarayoni, sharqshunos olimlarining hayoti va ijodi kabi dolzarb masalalarda ma’ruzalar tinglandi.

– Konferensiyaning an’anaviy tarzda o‘tkazilishi yosh olim va tadqiqotchilar malakasini oshirish, ularni ilmiy jarayonlarda kechayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov. – Yosh olimlarning ma’ruzalari haqida ustozlar iliq fikr bildirdi va ayrimlari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bunday ilmiy mashvaratlar yosh olimlarning kelgusi ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, falsafa fanlari doktori A.Erkinovning akademik Aziz Qayumov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzasi anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tabdir yakunida eng yaxshi ma’ruza mualliflari rag‘batlantirildi.

M.Toshqorayeva, O‘zA
2 693