O‘zA O`zbek

08.03.2018 13:30 Chop etish versiyasi

Yosh iste’dodlar tanlovi

Endi O‘zbekistonda har yili 10-11-sinflarning iste’dodli o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi shu to‘g‘ridagi nizomni tasdiqladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan ma’lum qilishlaricha, ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy merosini targ‘ib qilish, yosh avlod o‘rtasida aniq fanlarni o‘rganishga qiziqishni oshirish, axborot texnologiyalari sohasida yangi iste’dodlarni aniqlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratishdan iborat.

Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab ishtirokchilar maktabda matematika, fizika va informatika bo‘yicha onlayn test sinovidan o‘tadi. 79 dan ortiq ball to‘plaganlar ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ikkinchi bosqich hududiy bo‘lib, uning g‘oliblari Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadigan ko‘rik-tanlovning final bosqichiga yo‘l oladi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlari «Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari» sovrini va pul mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
6 777