Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.05.2018 10:36 Chop etish versiyasi

Yosh avlod kamoloti yo‘lidagi ezgu tashabbuslar

Yosh avlod kamoloti yo‘lidagi ezgu tashabbuslar
Farg‘ona viloyatida maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnikbazasini mustahkamlash, yangilarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda viloyatda 696 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatayotir.

Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyat samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Maktabgacha ta’lim tizimi farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘indir, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Yulduz Xo‘jayeva. – Ayni paytda viloyatda 3-7 yoshli 104 mingdan ziyod bola maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan. Muassasalarni zamonaviy jihozlash, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endi bolalar bog‘chalari nafaqat tarbiya, balki ta’lim muassasasi sifatida ham to‘laqonli faoliyat ko‘rsatadi. Bu ularning iste’dodini barvaqt aniqlash, intellektual qobiliyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda qishloq joylarida maktabgacha ta’lim muassasalari sonini keskin oshirish zarurati mavjud. Ayrim qishloqlarda yosh onalar uchun bog‘cha masalasi hayotiy ehtiyojga aylangan. Viloyatda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Obod qishloq” dasturi asosida 34 maktabgacha ta’lim muassasasida qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Toshloq tumanida 26 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Nodiraxon Eminovaning ta’kidlashicha, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan aholi, ayniqsa, qishloqlarda yashaydigan yurtdoshlarimiz juda mamnun. Ilgari ota-onalarda farzandini bog‘chaga berishda ikkilanishlar bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu fikr butunlay o‘zgardi. Buni tuman davlat xizmatlari markaziga bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha bir oyda 1000 dan ziyod ariza tushganida ham ko‘rish mumkin.

1-maktabgacha ta’lim muassasasida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Hovlidagi har bir narsa did bilan bezatilgan. Ayniqsa, turli ertak qahramonlari timsollari asosidagi ko‘rgazmalar bolajonlar uchun yanada sevimli. Ayni kunlarda mazkur maskanda 6 guruhda 150 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ingliz, rus tillari va sport to‘garaklari ular ixtiyorida.

Bugungi kunda viloyatda 30 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 14 davlat-xususiy sherikchilik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularga 775 nafar bola qamrab olindi.

6.JPG

14.jpg

Farg‘ona tumanidagi “Happy Children” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Dastlab, 10 nafar bola bilan mashg‘ulot boshlagan maskan ayni kunda 60 dan ortiq kichkintoyni o‘z bag‘riga olgan. Ular uch guruhga bo‘lingan holda o‘zbek, rus va ingliz tillarida saboq olmoqda.

Tadbirkor Go‘zalxon Mamadaliyeva tomonidan tashkil etilgan bog‘chada 14 ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Chegara hududidagi mazkur muassasaga o‘g‘il-qizlarini yetaklab kelayotgan ota-onalar safi tobora kengaymoqda.

Joriy yilda shahar va tumanlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida 301 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, ta’limning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etish, hujjatlar bilan ishlash, pedagog kadrlar mahoratini oshirish yuzasidan amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ishlayotgan pedagoglar malakasini oshirish ham doimiy e’tiborda. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 50 nafar xodim pedagogik qayta tayyorlov kurslarida, 382 nafari mutaxassisligi bo‘yicha malaka oshirish kurslarida o‘qitildi. Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlarni kasbga qayta tayyorlashkurslarida o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 563