Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.11.2017 12:26 Chop etish versiyasi

Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 80 nafar rahbar, mansabdor shaxs va fuqaroga 4 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarima qo‘llanildi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, yong‘in xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tuman ichki ishlar bo‘limi yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi tomonidan hokimlik, favqulodda vaziyatlar bo‘limi vakillari bilan hamkorlikda mahallalar, ta’lim muassasalari, tashkilot va korxonalarda o‘tkazilayotgan yong‘in profilaktikasi tadbirlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha uy egalari hamda mas’ul shaxslarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda.

Aniqlangan kamchiliklarni mutasaddi rahbarlar bilan birga joyida bartaraf etish choralari ko‘rilayotir. Hal qilish imkoni bo‘lmagan muammolar yozma ravishda tegishli idoralarga yuborilmoqda.

Yong‘in profilaktikasi kunlari doirasida joriy yilning 10 oyida 255 korxona, tashkilot va muassasaning yong‘in-texnik holati o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tuman IIB yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi xodimlari tomonidan aniq muddatlari ko‘rsatilgan yozma ko‘rsatmalar korxona va tashkilotlar rahbarlariga taqdim etildi. Kamchilik va nuqsonlarni tezkor bartaraf etish borasida tuman hokimligi va yuqori tashkilotlarga axborot xatlari kiritildi.

Shuningdek, aholi xonadonlarining yong‘in xavfsizligi holatini tekshirish jarayonida 25 mingdan ziyod fuqaro bilan yong‘in xavfsizligi qoida talablariga rioya etish bo‘yicha profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, yo‘riqnomalar berildi.

Olib borilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. Masalan, yong‘inlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 taga kamaygani fikrimiz tasdig‘idir.

– Qish mavsumida xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida xodimlar hushyorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Oqoltin tumani IIB yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i, katta leytenant Hasan Berdiyev. – Olib borilgan tekshiruv va o‘rganishlar natijalari bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmagan 80 nafar rahbar, mansabdor shaxs va fuqaroga 4 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarima qo‘llanildi. 34 bino va inshoot faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 234 nosoz elektr uskunasidan foydalanish taqiqlandi. Mavjud muammolar to‘g‘risida murojaatlarni qabul qilish va bartaraf etish maqsadida tadbirkorlar uchun tuman IIB yong‘in xavfsizligi bo‘linmasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilgani ishimiz samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Profilaktika tadbirlari natijasida tumandagi aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa tashkilotlarda yong‘in bilan bog‘liq noxush holatlar kamayishiga erishilmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
1 489






Все о погоде - Pogoda.uz