Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 14:09 Chop etish versiyasi

Yo‘qlovdan Soraxon ayaning boshi osmonga yetdi

Yo‘qlovdan Soraxon ayaning boshi osmonga yetdi Qo‘qon shahrida mahallalar va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashuvchi Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi.

Mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, aholining turmush darajasini yuksaltirish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, og‘irini yengil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunlarda shahardagi 65 mahalla fuqarolar yig‘inidagi har bir xonadonga kirilib, aholining muammo va takliflari birma-bir eshitilmoqda, kamchiliklar aniqlanib joyida hal etilmoqda.

Bugungi kunda Qo‘qon shahrida 243 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, to‘rt sektor rahbarlari tomonidan “yo‘l xaritasi” asosida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday bo‘lsada, shaharda o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham anchagina ekan.

Prezident Devoni, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, va Savdo-sanoat palatasi vakillaridan iborat ishchi guruhi birinchi kuni 12 mahallani qamrab oldi. Har bir ishchi guruhida alohida shtablar tuzilgan. Ishchi guruhlari rahbarlari aniqlangan muammoning mohiyatidan kelib chiqib, viloyat va shahardagi mutasaddi tashkilotlarning mas’ul xodimlarini jalb etmoqda. Ma’lumotlar Respublika ishchi guruhi tomonidan har kuni tezkor ravishda umumlashtirib borilmoqda. 

DSC_8558.JPG

Xonadonlarimiz fayzu barakasi bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz har tongni qarshilar ekan, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dasturxonimizga to‘kinlik tilab duo qiladi. Bu shukronalikda hikmat ko‘p.

Keksalarimizni e’zozlash, ularga izzat-ikrom ko‘rsatish xalqimizning azaliy udumlaridan. Ular hayotimizning mazmuni, pandu nasihatlari, ezgu duolari ishlarimiz barokatini berib, yo‘llarimizni nurafshon qiladi. Ayniqsa, yuz bilan yuzlashgan keksalar suhbatida bo‘lish, duosini olish bizga hayot falsafasini anglatib turadi. “Artizan bo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘ini Toshkent ko‘chasi 24-uyda yashovchi Soraxon aya Boltaboyeva piri badavlat onaxonlardan. U 97 bahorni qarshi olmoqda. Momoning 8 nafar farzandi, 26 nafar nevarasi va 39 nafar evarasi bor.

Bolalarining hammasini uyli joyli qildi, o‘qitib-uzatdi. Hanuzgacha kasallik nimaligini bilmagan onaxon tetik va bardam. Xonadonda o‘g‘li, kelini va nevarasi bilan umrguzaronlik qilmoqda.

Ishchi guruhi a’zolari Soraxon aya xonadonida ham bo‘ldi. U kishi bilan bo‘lgan samimiy suhbat hech kimning yodidan chiqmasa kerak.

– Shukr, chiroq bu yil o‘chmadi. Ammo gaz jijcha bo‘lmadi. Qishda sal sovuq qotdim. Boshqa farzandimning uyiga borib yotdim. Ishchi guruhi kelib muammolarimizni so‘radi, - deydi nuroniy onaxon duoga qo‘l ochib. - Bizdan ko‘ngil so‘raganlardan rozimiz. Yayrab o‘tiribmiz. Mahalla tinch. Do‘xtirlar kelib tekshirib turishibdi. Rahmat, ishlaringiz oldinga bosavursin.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 066