O‘zA O`zbek

02.04.2018 21:10 Chop etish versiyasi

Yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik

Yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutuvchi temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar yuksak samaralar bermoqda. Zero, zamonaviy dunyoda temir yo‘l transporti davlat iqtisodiyotining asosiy qon tomiri hisoblanadi.

O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘l tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda.

34.JPG

O‘tgan yillar davomida minglab kilometr yangi temir yo‘l liniyalari barpo etildi. Toshkent – Samarqand – Buxoro, Toshkent – Qarshi yo‘nalishlarida “Afrosiyob”, “Registon”, “Sharq” va “Nasaf” tezyurar poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Toshkent markaziy temir yo‘l vokzali va boshqa shaharlarimizdagi vokzallar qayta rekonstruksiya qilindi, ta’mirlandi, yangilari barpo etildi. Xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi poyezdlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati zamon talablari darajasiga ko‘tarildi.

Kuni kecha mamlakatimiz temir yo‘l tizimida yana bir muhim yangilik sodir bo‘ldi. Toshkent Janubiy vokzali tubdan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Ma’lumki, Toshkent Janubiy vokzali binosi 1963 yilda qurilgan bo‘lib, 1985 yilda rekonstruksiya qilingan. O‘tgan vaqt mobaynida vokzal faoliyatida uzilishlar bilan ishlab turdi.

4 (1).JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Janubiy vokzal zamonaviy arxitektura talablari asosida tubdan rekonstruksiya qilindi.

8.JPG

Buyurtmachi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ, bosh pudratchi “Qurilish Universal Kompakt Servis”, bosh loyihachi “Boshtransloyiha” AJ tomonidan bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari xalqimiz o‘z kuchi, salohiyatiga tayanib, qanday buyuk va betakror inshootlar barpo eta olishining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

15.JPG

Vokzalning umumiy maydoni 9,2 gektar, 650 metrlik 3 ta perron mavjud. Vokzal hududida diametri 14 metrlik ikkita zamonaviy favvora qurilgan. Bu yoz kunlari hududdagi iqlim musaffoligini ta’minlab, yo‘lovchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.

Vokzal bir vaqtning o‘zida 500 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, bir kecha-kunduzda 20 000 nafar yo‘lovchi kutib olinadi va kuzatiladi.

20.JPG

– Toshkent Janubiy vokzali o‘z ishini joriy yilning 4 aprelidan boshlaydi, – deydi vokzal boshlig‘i Shuhrat Fozilov. – Bu yerdan Toshkent – Urganch, Toshkent – Buxoro, Toshkent – Andijon, Toshkent – Qo‘ng‘irot, Toshkent – Termiz, Toshkent – Sariosiyo, Andijon – Buxoro, Andijon – Urganch, Andijon – Termiz, Toshkent – Buxoro (Sharq), Toshkent – Termiz (Nasaf), Toshkent – Andijon (O`zbekiston) yo‘nalishlari bo‘yicha poyezdlar jo‘natiladi va kutib olinadi. Bundan tashqari, Toshkent – Xo‘jakent, Toshkent – Xovos, Toshkent – Bekobod, Toshkent – Sirdaryo, Toshkent – Guliston kabi shaharlararo qatnovchi yo‘lovchi poyezdlar ham shu yerdan harakatlanadi.

23.JPG

Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida vokzal hududi zamonaviy devor bilan o‘ralgan. Vokzal binosi, kassa zali va vokzal hududi 170 ta kuzatuv kamerasi bilan ta’minlangan.

25.JPG

Vokzal binosida yo‘lovchilar uchun jahon standartlariga mos sharoit yaratilgan. Binoda kutish, VIP zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, mehmonxona, dam olish xonalari, bufet, ko‘chma savdo nuqtalari, gazeta va jurnallar, WiFi internet xizmati, elektron kutubxona, planshet xizmati, shirinliklar va milliy sovg‘alar sotish shoxobchasi, mobil qurilmalar uchun quvvatlantirish manbai, elektron ma’lumotlar markazi va tablosi, sayyohlar zali va zamonaviy lift mavjud.

Kutish zali ko‘rgazma va televizion axborot vositalari bilan jihozlangan. Yo‘lovchilarga bir sutkada 100 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi xizmat ko‘rsatadi.

Kutish zalida havo harorati me’yorini ta’minlovchi sovutgichlar o‘rnatilgan. Chiptaxonalar vokzal hududida joylashgan bo‘lib, bir kecha-kunduzda 5000 ta chipta sotiladi, jumladan, elektron chiptalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

28.JPG

– Odatda vokzal va aeroportlar mamlakat darvozasi, ostonasi hisoblanadi, – deydi toshkentlik Yoqutxon Qayumxo‘jayeva. – Bu kabi maskanlarning obod qilinishi barchaga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Mazkur vokzaldan necha yillardan beri to‘liq foydalanilmas edi. Olib borilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, odamning dili yayraydi. Vokzal oldida o‘rindiqlar, favvoralar o‘rnatilgan.

Darhaqiqiat, bu yerda kim bilan suhbatlashmaylik, barcha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz temir yo‘l transportini rivojlantirish, xalqimizga transport xizmati ko‘rsatish sifatini yuksaltirish va uni eng rivojlangan mamlakatlar darajasiga olib chiqish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasi ekanini alohida ta’kidladi.

Abu Bakir O‘rozov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
6 482