O‘zA O`zbek

07.02.2018 17:07 Chop etish versiyasi

Yigitlar harbiy xizmatga kuzatildi

Sirdaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida chaqiriluvchilarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida shakllantirilgan tezkor va harakatchan, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ hamda texnikaga ega milliy armiyamiz mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati ekani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga Sirdaryo viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yigitlarni muddatli harbiy xizmatga tayyorlashda joylardagi mudofaa ishlari bo‘limlari, ta’lim muassasalari va mahallalarda olib borilayotgan ma’naviy-tarbiyaviy ishlar muhim ahamiyat kasb etayotir.

Mirzaobod qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejini a’lo baholarga bitirgan Shahzod O‘rmonov 6 yildan buyon sportning qo‘l jangi turi bilan shug‘ullanadi. Bir necha bor viloyat chempioni, mamlakat chempionati sovrindori bo‘lgan.

– Komputerni yaxshi o‘zlashtirganim, sport bilan muntazam shug‘ullanganim, ustoz va murabbiylarimning o‘gitlari jismoniy va test sinovlaridan yuqori ball to‘plashimga yordam berdi, – deydi muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Sh.O‘rmonov. – Vatan oldidagi yigitlik burchimni o‘tash baxtiga muyassar bo‘lganimdan baxtiyorman.

Bo‘lajak askarlarga viloyat hokimligi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Men baxtiyor onaman, chunki o‘g‘lim Shohruxjon muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar safida turibdi, – deydi muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Sh.Umurqulovning onasi, Xovos tumanilik Muqaddas Turdiqulova. – Hozir ko‘nglimda kechayotgan his-hayajonni so‘z bilan ifodalashim qiyin. O‘g‘limning Vatanga qanot bo‘la oladigan mard va sara yigitlar safida ekani men uchun ulkan faxr. Farzandlarimizga yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga askar onalar nomidan minnatdorlik bildiraman.

Tadbir yakunida muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar uchun dasturxon yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
8 437