O‘zA O`zbek

15.04.2018 11:11 Chop etish versiyasi

Yetti xazinaning birinchisi

Qishloq xo‘jaligida parrandachilik yetakchi tarmoqlardan biri sanaladi. Xalqimiz tili bilan aytganda parranda yetti xazinaning biri. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlarida bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishida asosiy ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band bo‘lishiga hissa qo‘shadi.

Ma’lumki, jahonda go‘sht maxsulotlari orasida yetishtirish va iste’moli bo‘yicha parranda go‘shti ikkinchi o‘rinda turadi. Iste’mol qilinayotgan go‘shtning 34 foizi parranda go‘shti xissasiga to‘g‘ri keladi. AQSHda esa parranda go‘shti iste’moli o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab birinchi o‘ringa chiqib oldi. Ekspertlarning fikricha, 2020 yilga borib jahonda parranda go‘shti birinchio‘ringa chiqib oladi. Shu sababli ham parranda go‘shtining xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashgakatta e’tiborqaratilmoqda.

Parrandachilik bo‘yicha bugungi kunda Xitoy, AQSH, Yaponiya va Rossiya oldingi o‘rinlarni egallab turibdi. Ayni damda jahonda bir trillion 360 mingta tuxum, 296 million tonna parranda go‘shti yetishtiriladi. Bu borada hissasi 40 foizni tashkil qilgan Xitoy birinchi o‘rinda tursa, ikkinchi o‘rin AQSHga nasib qilgan. O‘tgan asrning 90-yillarida “osmon osti mamlakati” to‘rtinchi o‘rinni egallab turardi, mamlakatda o‘tkazilgan keng qamrovli islohatlar tufayli birinchi o‘ringa chiqib oldi. Bunday samaraga erishish yo‘lida parrandachilik rivoji uchun maxsus guruhlar tashkil etildi. Bu guruhlar sohadagi barcha muammolarni aniqlab, ularni belgilangan vaqtda hal qildi. Xitoyda o‘tkazilgan islohatlar tufayli parrandachilik rivojlandi. So‘nggi 30-yil mobaynida parrandachilik taraqqiy etgani bois milliy iqtisod yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. Aholi ish bilan ta’minlandi. Qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilandi, daromadlari ko‘paydi. Bu bilan mamlakat nafaqat yer shari aholisining beshdan birini tashkil qiluvchi o‘z aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minladi, balki jahon qishloq xo‘jaligi rivoji va oziq-ovqat xavfsiligi ta’minlanishiga katta ulushini qo‘shdi.

Bugungi kunda jahon mamlakatlari ekologik toza va to‘yimli mahsulotlar ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Parrandachilik esa agrosanoat majmuasida yetakchi tarmoqlardan biri ekani tan olinadi. Insoniyat oldida turgan oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun albatta parrandachilikni rivojlantirishdek masala kun tartibiga chiqmoqda. Bu maqsadlarga erishish uchun kompleksyondashuvlozim.

Tarixdan ma’lumki, Xitoy, Misr, Hindiston, Qadimgi Rim va Markaziy Osiyo mintaqasida parrandachilik qadim-qadimdan rivojlangan. Hindistonda eramizdan avvalgi 3 ming yillikda parrandachilikka asos solingan bo‘lib, aynan shu yerdan boshqa mamlakatlarga tarqalgani aytiladi. Xonadonlarda tovuq, o‘rdak va g‘oz boqish Osiyo vaЕvropada bir necha ming yillardan beri anana bo‘lib kelgan. Kurka ilk bor Amerikada xonakilashtirilib, keyinchalik Yevropaga olib kelingani aytiladi. “Ko‘xna qita”da tovuq va boshqa parrandalarni boqish XVIII asr so‘nggida Fransiya, Gollandiya va Angliyada yo‘lga qo‘yilgan.

Parrandachilikda go‘sht yetishtirish borasida tovuqchilik va kurkachilik oldingi o‘rinlarda turadi. Bu borada yetishtirilgan parranda go‘shtining uchdan bir qismi AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi.AQSHda parrandachilik kichik fermer xo‘jaliklarida tovuq boqish bilan boshlangan. Tovuqchilikka 1880 yilda asos solingan bo‘lishiga qaramay, 1950-yilga qadar go‘sht va tuxum yetishtirish keng qamrovli soha sifatida ko‘rilmagan. “Okean orti mamlakati”da 1940-yili 143 million jo‘ja bo‘lgan bo‘lsa, sohaga qaratilgan etibor tufayli 1950-yilga kelib jo‘jalar soni 631 millionga yetdi. 1960-yilda jo‘jalar soni bir milliarddan oshib ketdi. 1996-yilda amerikalik fermerlar 7 milliarddan ortiqbroyler jo‘jalarini yetkazib berdi. Ayni damda Amerikada parranda boqish o‘ziga xos moddaga aylangan. Har bir xususiy xonadonning parrranda boqishga moslashgan o‘ziga xos tovuqxonalari bor.

Deyarli barcha mamlakatlarda tovuqchilik rivojlangan. Bugungi kunda nafaqat qishloqlarda, balki shaharlarda ham parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan kishilarni uchratish mumkin. Xonadonlarida tovuq asosan tuxum uchun boqiladi. Rossiyada ham parrandachilikka katta e’tibor qaratilmoqda. Biroq parranda maxsulotlari asosan aholining ichki ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, yaqin yillardan beri yaqin xorijiy mamlaktlarga eksport qilinmoqda. 2016 yilda Rossiyaning parranda maxsulotlari uzoq xorij mamlakatlarini ham zabt eta boshladi. Bu degani import kamayganidan dalolat beradi.

Parrandalar nafaqat go‘shti, tuxumi balki pati uchun ham boqiladi. Bugungi kunda parrandachilik istiqbolli va chorvachilikdagi asosiy yo‘nalish ekani tan olinadi. Buning sabablardan biri parrandalarni saqlash uchun inshoatlarning oddiy bo‘lishidir. Buning ustiga oilaning daromad manbai bo‘lmish parrandachilik juda qiziqarli, oson va foydali sohadir.

Parrandachilikda tovuqchilik birinchi o‘rinda tursa, ikkinchi o‘rin g‘ozchilikka berilgan. Buning bir qator sabablari bor. Tovuqni har qanday sharoitda boqish mumkin. G‘oz esa mavsumga qarab boqiladi. Buning uchun albatta suv xavzalari kerak bo‘ladi. G‘ozlar vafodorligi bilan ajralib turadi. Tarixdan ma’lumki, g‘ozlar Rimni qutqargan. Qo‘riqchilikda g‘ozlar itlardan aslo qolishmaydi. Uyingizga begona odam kirsa, albata “g‘ag‘-g‘ag‘”lab ovoz chiqarishadi. G‘ozlar asosan go‘shti uchun boqiladi. Arzon va shu bilan birga sifatli g‘oz go‘shti da’vo ekani aytiladi.

G‘ozlar bilan birga o‘rdaklarga qiziquvchilar ham bor. Kurka ham yil sayin ommalashib bormoqda. Uning go‘shti parhez ekani ma’lum. Kurka maxsulotlari yetishtirish bo‘yicha AQSH birinchi o‘rinda turadi. Undan keyingi o‘rinlar Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga nasib qilgan.Kurkalarni yopiq inshoatlarda boqib bo‘lmaydi. Tovuqlardan farqli ravishda ular ochiq havoni yaxshi ko‘radi. Parrandachilikda kurkalar hovli ko‘rki sifatida ko‘riladi.

Xalqimiz bedana go‘shti va tuxumini sevib iste’mol qiladi. So‘nggi yillada nafaqat yurtimizda, balki butun dunyodabedanachilikka ham katta e’tiborqartilmoqda. Masalan, Yaponiyada 200 yildan beri bedanalarni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. Mutaxassislarning fikricha, bedanalarni ko‘paytirishga sarflangan harajatlarko‘p o‘tmay o‘zini oqlaydi. Bedanalar quyonlarga qaraganda uch barobar tez ko‘payar ekan. Bedana tuxumi kichik bo‘lishiga qaramay, ayni damda sotilishi bo‘yicha tovuq tuxumi bilan raqobatlashga olish darajasiga yetib keldi. Har kuni bitta bedana tuxumini iste’mol qilgan kishining immuniteti mustahkam bo‘lishi aniqlangan. Uning tuxumidan bir qator kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Bedana tuxumini uzoq vaqt saqlash mumkin. Biroq tuxum beruvchi bedananing o‘zini bir yildan ortiq saqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun tuxum beruvchi bedanalarni tez-tez almashtirib turish kerak. Bedananing go‘shti foydaliekani ma’lum.

Matbuotimizda ayrim tumanlarda tuyaqushlar boqilayotgani xaqida o‘qib qolamiz. Mamlakatimizda tuyaqushchilik mustaqillik yillarida yo‘lga qo‘yildi. Vatani Afrika bo‘lishiga qaramay tuyaqushlar O‘zbekiston iqlimiga o‘rganib qoldi va ko‘plab ishqibozlar ortirdi. Ayni damda tuyaqushlar tuxumiga qiziqish ortib bormoqda. Mamlakatimizda Qora Afrika strauslari boqilmoqda. Parrandaning bu turi 50 yil yashaydi. Kamida 30-35 yil tuxum beradi. Strauslar juda ham mehribon va qiziquvchan bo‘lib o‘z egalariga tez o‘rganadi. Tuyaqush fermasiga ega bo‘lganlar nafaqat go‘shti va tuxumidan foyda ko‘rishlari, balki qiziquvchilarni strauslarni ko‘rsatish maqsadida ekskursiya uyushtirishlari ham mumkin. Tuyaqushning bitta tuxumidan tayyorlangan quymoqni 8-10 kishi iste’molqilishi mumkin.

Tuxum yetishtirish bo‘yicha eng yirik korxonalar Shimoliy va JanubiyAmerikada joylashgan. Bu xaqda World’s Top Poultry Companies Xisobotida ta’kidlanadi. Tuxum yetishtiruvchi eng yirik 25ta kompaniyaning 14tasi AQSHda joylashgan. Lotin Amerikasida tuxum yetishtirish borasida Meksika birinchi o‘rinda turadi. Osiyoda esa Yaponiya va Malayziya tuxum yetishtiruvchi korxonalar soni bo‘yicha yetakchilik qiladi. Zamonaviy parrandachilik fermalarida nafaqat go‘sht va tuxum yetishtiriladi, balki yarim tayyor mahsulotlar ham tayyorlanadi.

SharofiddinTo‘laganov

4 894