Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.10.2017 15:06 Chop etish versiyasi

"Yetti uylik" mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z zamonaviy binosiga ega bo‘ldi

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Yetti uylik” va “Satang” mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun zamonaviy binolar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Samarqand viloyatida ham fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan mahallalar faoliyati o‘rganilib, fuqarolar yig‘inlari xodimlari uchun munosib mehnat sharoiti yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

– Tumanimizda har haftaning shanbasini “Mahalla kuni” deb e’lon qilib, har bir mahalla faoliyatini o‘rgandik, – deydi Urgut tumani hokimi o‘rinbosari I.Jabborov. – Fuqarolar yig‘inlari xodimlarining o‘zaro tajriba almashishi uchun seminarlar tashkil etildi. Ushbu jarayonda moddiy-texnik bazasi nochor, o‘z binosiga ega bo‘lmagan mahalla fuqarolar yig‘inlari aniqlanib, ularga zarur yordam ko‘rsatildi. Tuman bo‘yicha 10 mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino qurishga kirishildi. Bugunga kelib ushbu mahallalar binolarida qurilish ishlari yakuniga yetib, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Tumanning "Yetti uylik" mahalla fuqarolar yig‘ini ham shu paytgacha o‘z binosiga ega emas edi. 5 ming 700 dan ortiq aholi biror-bir hujjatga zarurat tug‘ilsa, qo‘shni mahallada joylashgan fuqarolar yig‘iniga borishga majbur edi.

– “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi ko‘magida mahalladoshlarimiz kuchi bilan mahalla uchun zamonaviy yangi bino qurib oldik, – deydi “Yetti uylik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T.Tursunov. – Binoda barcha zamonaviy sharoitlar yaratildi, mebel va boshqa zarur vositalar bilan jihozlandi.

"Satang" mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi ham qisqa muddat – 3 oyda bunyod etildi. Zamonaviy uslubda qurilgan binoda mahalla raisi, mas’ul kotib, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, posbon, profilaktika inspektori, nuroniylar va yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlar uchun alohida xonalar, shuningdek, majlislar zali mavjud.

Yaqin kunlarda tumanning "Chumchuqli", "Jarqishloq" mahalla fuqarolar yig‘inlarining yangi binolari ham foydalanishga topshiriladi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 561






Все о погоде - Pogoda.uz