O‘zA O`zbek

14.09.2018 19:49 Chop etish versiyasi

Yetim bolalar huquqlari qanday taʼminlanadi?

Yetim bolalar huquqlari qanday taʼminlanadi? Mamlakatimizda bola huquqlarini taʼminlashda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, yetim bolalar huquqlarini himoya qilish, xususan, ularning taʼlim olishi, sogʻligʻini saqlash, hayotga moslashishiga huquqiy sharoit yaratish boʻyicha alohida qonun qabul qilinmagan. Shu bois ayrim holatlarda yetim, ota-ona qaramogʻidan mosuvo bolalarning taʼlim olishi, mehnat qilishi, hattoki, uy-joyga ega boʻlishga doir huquqlarini taʼminlash masalasi dolzarb hisoblanadi.

Parlament quyi palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Mehribonlik uylarida taʼlim-tarbiya olayotgan voyaga yetmaganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, yetim bolalarning yashash va taʼlim olish huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan xalq taʼlimi vazirining axboroti yuzasidan oʻtkazilgan qoʻmita eshituvida ushbu masala muhokama markazida boʻldi.

Inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi bolalar va yoshlarning jismoniy, intellektual, maʼnaviy rivojlanishi uchun qulay, eng yaxshi sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Shuningdek, koʻp bolali oilalarni, yetim, oila muhitidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizning 1992 yil 9 dekabrda “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga qoʻshilgani, oʻz navbatida, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishiga asosiy turtki berdi. Oʻtgan davr mobaynida sohaga doir munosabatlarni huquqiy tartibga solishga oid boshqa bir qator qonunlar qabul qilinishi, qolaversa, bola huquqlarini taʼminlash, himoya qilish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylangani diqqatga molikdir.

Bola huquqlarini taʼminlashda keyingi yillarda Prezidentimizning qator farmon va qarorlari ham qabul qilinib, sohalar kesimida ijroga qiritildi. Jumladan, taʼlim tizimida 11 yillik umumiy oʻrta taʼlimning majburiyligi, kasb-hunar taʼlimining 11 yillik baza negizida qabul qilinishi, intellektual bolalarning ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, kasb-hunar taʼlimining ixtiyoriyligi, oliy taʼlimda kvotalangan oʻrinlarning joriy etilishi, eng muhimi, maktabgacha taʼlim-tarbiyaning alohida yoʻnalishda belgilanishi uchun samarali mexanizm yaratib berildi.

Biroq fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, joylarda yoshlar huquqlari, ayniqsa, bola huquqlarini taʼminlash borasida bir qator muammolar kuzatilayotgani qayd etildi.

Eshituvda deputatlar ana shunday muammolarni oʻrtaga tashladi. Xususan, deputatlar oʻrganishlarda Toshkent shahrida 2017-2018 yillar davomida uy-joyga muhtoj boʻlgan yetim bolalarning 118 arizasi roʻyxatga olingani, shundan 50 nafari bugungi kunga qadar hal etilmaganiga eʼtibor qaratdilar. Toshkent viloyatida oʻtgan yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj 17 bolaga uy-joy ajratishda muammo yuzaga kelgan, qolgan viloyatlarda ham 10 dan ziyod arizalar kelib tushgan.

Turar joyga muhtojlar respublikaning barcha hududlarida hisobga olingan boʻlishiga qaramasdan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 2017 yilda birorta ham shaxs turar joy bilan taʼminlanmagani taajjubli. Turar joyga muhtojlarning eng katta koʻrsatkichi Toshkent shahri hissasiga (235 nafar) toʻgʻri kelsa, keyingi oʻrinlarda Toshkent (81 nafar), Navoiy (73) viloyatlari qayd etilgan.

Shuningdek, deputatlar tomonidan joylardagi oʻrganishlarda Mehribonlik uylari faoliyati aksariyat hollarda tashqaridan kelayotgan tekshiruvchilar uchun tayyorlanayotgani, ayrim muassasalarda pedagogik faoliyatning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani, bolalarning nazoratsiz qolishi kuzatilgan.

Yakunda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
1 574