O‘zA O`zbek

18.04.2018 18:33 Chop etish versiyasi

“Yermulkkadastr” davlat korxonasining tuman filiali xodimi jinoyat ustida qo‘lga olindi

“Yermulkkadastr” davlat korxonasining tuman filiali xodimi jinoyat ustida qo‘lga olindi Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan g‘oya hayotimizda o‘z ifodasini topayotgani quvonarli. Bugun ana shu ezgu maqsad yo‘lida jamiyatning barcha sohalarida chuqur islohotlar davom etmoqda.

Lekin oramizda hanuzgacha bu o‘zgarishlar mohiyatini tushunib yetmayotganlar uchrab turgani juda achinarli.

...Sardor Yunusov Zafarobod tumani “Yorqin” shahar fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. U uyining hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida “Ermulkkadastr” davlat korxonasining tuman filialiga boradi. Borishga boradi-yu, ammo ishi bitmayotganday tuyulaverdi.

Buni qarangki, o‘sha payt bu ishni bir zumda hal qilib beradigan odam ham topiladi. "Hojatbaror" filialning ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Qobil Abdurahimov bo‘lib, rasmiy to‘lovlardan tashqari “qo‘l haqi” uchun 300 ming so‘m berishini talab qiladi.

Sardor Yunusov undan imkoniyatlarini chamalash va o‘ylab ko‘rish uchun vaqt so‘raydi.

U o‘ylab ko‘rdi... Noqonuniy talab yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limiga ariza yozdi.

Ko‘za kunida emas, o‘sha kuni sindi. Zafarobod tumani hokimligi ro‘parasida pora olayotgan Qobil Abdurahimov Jizzax viloyati IIB jinoyat qidiruv bo‘limining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatma! Materialda keltirilgan ism-familiyalar o‘zgartirilgan, to‘g‘ri kelgan har qanday o‘xshashlik tasodif sanaladi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
3 758