O‘zA O`zbek

15.05.2019 11:06 Chop etish versiyasi

“Yer sayyorasida hech kim iqlim oʻzgarishidan taʼsirlanmay qolmaydi”


BUTUNJAHON meteorologiya tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bugungi kungacha global harorat 1880 yildagi darajadan 1°C ga ortgan. Oʻzbekistonda xuddi shu davr uchun oʻrtacha yillik havo harorati 1,6°S ga koʻtarilgan.

Iqlim oʻzgarishi natijasida yuz berayotgan tabiiy ofatlar butun insoniyatni oʻylantirayotgan eng dolzarb muammolar sirasiga kirib, iqlim oʻzgarishi insonlar hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda va shu bois jahon hamjamiyati tomonidan eng global tahdidlardan biri, deb tan olingan.

Iqlim atamasi grekcha “klima” — qiyalik maʼnosini, ­yaʼni quyosh nurlarining yerga tushgan paytida ogʻish-tushish qiya­ligini anglatadi. Bu atama ­yunon astronomi Gipparx (mil.avv.160-125 yillar) tomonidan fanga kiritilganligi maʼlum.

Kaliforniya universiteti mutaxassisi, tadqiqotchi Erik Rinyoning taʼkidlashicha, atmosferada parnik gazlari oʻta koʻp miqdorda toʻplanishi oqibatida Yer iqlimida 1980 yillardan keskin oʻzgarish bosh­langan. “Yer sayyorasida hech kim iqlim oʻzgarishidan taʼsirlanmay qolmaydi”, degan edi BMT hayʼati raisi Rajendra Pachauri Yokohamada. Dunyoning 26 mamlakatida tadqiqot oʻtkazgan “Pew Research Center” tahlilchilari zamondoshlarimizni eng koʻp oʻylantirayotgan, tashvishga solayotgan tahdidlarni aniqlashdi. “Birinchi raqamli” tahdid bu global iqlim oʻzgarishlaridir.

Havoga eng koʻp gaz chiqaradigan davlatlar

Iqlim oʻzgarishi — global isish darajasi dunyodagi sanoat zavodlari, transport, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarning atmosferaga chiqarayotgan gaz chiqindilariga bogʻliqdir. Yer yuzidagi gaz chiqindilarining 25 foizi AQSHdan chiqishi kuzatilgan.

Bugungi kunda dunyoda havoga eng koʻp gaz chiqaradigan davlat Xitoy boʻlib, u havoning bulgʻanishiga 70 foiz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Oʻzbekistonda ham tabiatni asrab-­avaylash, iqlimni yaxshilash borasida yoʻl qoʻyilgan xatolarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Alohida maxsus dastur va loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, Orol dengizini suv bilan toʻldirish, atrofidagi ekologik vaziyatni oʻnglash, zararli va zaharli vositalardan ehtiyotkorlik bilan meʼyorida foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Melioratsiya va sugʻorish, shoʻr yuvish va yerlarni quritish, sunʼiy yomgʻirlatish tizimlari, tozalash inshoot­lari ishlari tartibga solindi. Suv omborlari, shaharlardagi sanoat korxonalari faoliyati takomillashtirilib, ularni va turarjoylarni oqilona joylashtirish, aholiga qulayliklar yaratish, daraxtzor va oʻrmonzorlarni kengaytirish, bulut va tumanni haydash usullarini qoʻllash tadbirlari kuchaytirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi “Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi Oʻzbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etdi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash boʻyicha davlat dasturlarini ­amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslari (asosan, grantlar)ni jalb qilish, qayta tiklanadigan ­energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, sal­biy ekologik oqibatlar (Orol fojiasi, choʻllanish, qurgʻoqchilik)ga qarshi kurashish kabilar shular jumlasidandir.

Eng asosiysi, Parij bitimi iqlim oʻzgarishi, 2020 yildan atmosferada issiqlik gazlari miqdorini kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlarni tartibga solish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining dastlabki Konvensiyasi doirasida qabul qilingan hujjat hisoblanadi. Mazkur bitim 2015 yil 12 dekabrda Parijda boʻlib oʻtgan Iqlim boʻyicha konferensiya chogʻida Kioto protokolining rivoji sifatida qabul qilingan. Bitimdan koʻzlangan maqsad BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha dastlabki Konvensiyasi “hayotga tatbiq ­etilishini faollashtirish”, xususan, haroratning global oʻsishini Selsiy shkalasi boʻyicha oʻrtacha 2°C darajadan past holatda ushlab turish va harorat oʻsishi Selsiy shkalasi boʻyicha 1,5 darajada cheklanishi uchun saʼy-harakatlarni ishga solish bilan izohlanadi.

Bir yilda koʻrilgan zarar

2017 yilda iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tabiiy ofatlar va falokatlar oqibatida koʻrilgan zarar 320 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish BMTning Bosh Assambleyasi doirasida iqlim oʻzgarishi boʻyicha yuqori darajada oʻtkazilgan tadbirda maʼlum qilib, “Biz juda, juda tez harakat qilmasak, bartaraf etib boʻlmaydigan jiddiy zarar koʻrishimiz xavfi mavjud”, degan edi.

Natijada, iqlim oʻzgarishi, yaʼni havoning isishi muammosi atmosferada issiqxona gazlari miqdorining ortib ketishi sababli yuzaga kelmoqda. Bu esa sayyoramiz aholisining salomatligi, ekotizim, qishloq xoʻjaligi faoliyati va eng xatarlisi, oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita tahdid solmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha iqlim oʻzgarishi muammosiga eʼtibor beradigan boʻlsak, mintaqa togʻlaridagi muzliklar shiddat bilan erib bormoqda. Maʼlumki, ichimlik suvining 80 foizi Pomir va Tyanshan muzliklaridan keladi. Bu muzliklarning global havo isishi tufayli haddan ziyod erib borayotgani, yaqin kelajakda ichimlik suvi taqchilligiga sabab boʻlishi mumkin.

Iqlim isishi Markaziy Osiyo kabi dengizdan uzoq, suv zaxiralari kam, sahrolashish kuchli mintaqada ham halokatli kechishi mumkin. Tojikiston hamda Qirgʻiziston vakillari baʼzi muzliklar 20-30 foiz eriganini aytishmoqda, bu ­esa ayrim ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, iqlim­dagi oʻzgarishlar dunyoning barcha okean va qitʼalaridagi tabiiy tizimlarda sezilarli oʻzgarishlarga sabab boʻlayotir. Kelgusi oʻn yillikdan boshlab fasllar bilan bogʻliq noodatiy jarayonlar bosh­lanishi mumkin. Masalan, juda qattiq sovuq hukm suradigan qish oʻrnini birdaniga jazirama yoz egallashi hech gap emas. Hatto, bir kecha-kunduz oraligʻida issiq va sovuq haroratning almashinuvi tez-tez roʻy berishi ham mumkin.

Taxminlarga koʻra, 2016 yildan 2035 yilga qadar sayyoramizda harorat taxminan 0,7 daraja, 2081 yilga borib ­esa, 1986-2005 yillardagi koʻrsatkichga nisbatan qiyoslaganda, qariyb 2 daraja koʻtarilishi mumkin. Natijada, doimiy muzliklarning erish jarayoni tezlashib, okeanlar sathi yuksaladi. Xususan, 2081-2100 yillarda ummon suvlari sathi 1986-2010 yillardagiga nisbatan 0,58 dan 0,98 metrgacha koʻtariladi. Bu ­esa, oʻz navbatida, toshqinlar koʻpayishiga, yer koʻchkilari va eroziyaga, baliqlar hamda quruqlikdagi jonzotlarning pala-partish migratsiyasiga sabab boʻlishi mumkin.

Shuningdek, iqlim oʻzgarishi oziq-ovqat xavfsizligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi. Hisob-kitoblardan kelib chiqib, 2050 yilga borib, makkajoʻxori, guruch va bugʻdoy yetishtirish hajmi 25 foizgacha qisqarishi bashorat qilinmoqda. Yer isib, ofatlar koʻpayishi mumkin. Tadqiqotlarga koʻra, harorat 2°C koʻtarilsa bu holat iqlimning xavfli darajada oʻzgarishiga olib keladi va qashshoq mamlakatlarga qattiq salbiy taʼsir qiladi.

Iqlim oʻzgarishida asosiy sabab boʻlib turgan manbalar uylarni isitadigan, yoritadigan, mashina va texnika ishlaydigan asosiy energiya manbai boʻlgan qazilma yoqilgʻi neft, tabiiy gaz, koʻmir va uran hisoblanadi. Elektr energiyasi issiqlik va boshqa energiya turlarini olish uchun neft, gaz, koʻmir yoqamiz. Qazilma yoqilgʻi ishlatilganda va boshqa ishlab chiqarish jarayonlari atmosferaga uglerod qoʻshoksidi (SO2) metan, azot chala oksidi va boshqalar chiqariladi. Bu gazlar isigan yer yuzasidan infraqizil nurlarini fazoga chiqarmaslik xususiyatiga egadir. Boshqacha qilib aytganda, ular yerning koʻrinmas (koʻrpaga oʻrab) issiqxona samarasi hosil qiladi va sayyoramiz haroratini saqlab turadi. Bu samaraning mavjudligi bizning sayyoramizni hayot uchun ­yaroqli qiladi. Issiqxona gazlarisiz yer hozirgidan taxminan 3000°S sovuqroq boʻlar edi va undagi hayot amalda muzlab qoladi. Afsuski, inson faoliyati jarayonida atmosferaga juda ham koʻp issiqxona gazlari chiqarilmoqda. Bir kunda dunyoda toʻqqiz milliard litr neft yoqiladi va bu koʻrsatkich ortib bormoqda.

Toza ichimlik suvi: 2025 yilda bundan qancha odam foydalanishi mumkin?

Hozirda Qoraqalpogʻiston Respub­li­kasida Orol dengizi tubidagi suvi qurigan maydonlarda “Yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish ­ishlariga kirishildi.

Yurtboshimiz gʻoyalariga koʻra, bugungi kunda Orol dengizi muammosi va trans­chegaraviy suv havzalaridan foydalanish boʻyicha qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikda tegishli choralar koʻrilmasa, bu hol mintaqa davlatlari uchun bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekiston uchun iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlari quruq issiq mavsum davriyligining uzayishi, kuchli yogʻinli kunlarning koʻpayishi va yogʻinlarning keskin oʻzgarishi, togʻlarda qor zaxiralarining qisqarishi va muzlashning deg­radatsiyalashuvi, sel xavfining ortishi, togʻ yon bagʻridagi hududlarda bugʻ va parlanishning keskin oʻzgarishi, qurgʻoqchilik va ekstremal kamsuvlilik takroriyligining ortishi, suvga, birinchi navbatda sugʻoriladigan dehqonchilikda, talabning ortishi, ekstremal hodisalar takrorlanishining ortishiga olib kelishi mumkin.

Fikrimizcha, bularning barchasi uchun dunyoda bir atama qabul qilingan. Bu ham boʻlsa “moslashish”. Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga moslashish oʻzi nima uchun kerak? Masalan, hozir ahli basharning salkam beshdan ikki qismi yashaydigan joylarda tiriklikning eng asosiy omillaridan biri sanalmish toza ichimlik suvi yetishmaydi. Ahvol shu zaylda davom etaversa, 2025 yilga borib insoniyatning beshdan uch qismi bu bebaho neʼmat tanqisligidan ozor chekishi mumkin.

Xullas, Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarish­lari sharoitida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, dehqonchilikning zamonaviy tizimini tashkil etish va yer resurslaridan samarali foydalanish maqsadida:

birinchidan, yer resurslarini boshqarishdagi iqtisodiy mexanizmlar hamda huquqiy asoslarni takomillashtirish va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablariga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;

ikkinchidan, yer hamda suv resurslarini barqaror boshqarish tizimini yanada mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga moslashish;

uchinchidan, qishloq xoʻjaligi va ­oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida yer resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash borasida “Organik qishloq xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun bilan birgalikda, balki “Yer tuzish toʻgʻrisida”gi, ”Tuproq unumdorligi toʻgʻrisida”gi, “Yer melioratsiyasi toʻgʻrisida”gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishga ham ehtiyoj borligi sezilmoqda.

Jumanazar XOLMOʻMINOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Ekologiya va agrar huquqi”kafedrasi
professori, yuridik fanlar doktori
Manba: “Inson va qonun” gazetasi

OʻzA
809