Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.07.2018 09:00 Chop etish versiyasi

Yaxshilik qilganga yaxshilik qaytadi

Ma’mura ABDURAHMONOVA,
“Shon-shuhrat” MFY raisi:

29b7681b-68a8-41c5-a943-ae579061e3cb.jpg– Mahallamiz nisbatan kichikroq bo‘lib, 18 ta ko‘p qavatli turar joylarda 1130 ta oila bo‘lib, ularda 3700 dan ortiq ko‘p millatli aholi yashaydi. 

1977-yildan buyon mana shu mahallada yashayman. 10 yilga yaqin vaqt davomida mahallada maslahatchi, bir yildan buyon mahalla raisi lavozimida ishlamoqdaman. Ish faoliyatimni oilalarni o‘rganishdan boshlaganman. Buning uchun siz ham psixolog, ham pedagog, ham yurist bo‘lishingiz, insonlar dardini tinglab ularga yordam berish choralarini qidirishingiz lozim. Shukrki, notinch oilalar, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar maktab, mas’ul idoralar bilan hamkorlikda o‘rganilib, o‘z yechimini topdi. Mana shu emasmi ishimizning natijasi?

Mahallamizda ishlab chiqarish, tadbirkorlik rivojlanmagan. Bir to‘yxona, bir novvoyxona, bir do‘kondan boshqa tadbirkorlik subyektlari yo‘q. Shu bois hamkorlar topib tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi.

Saxovatpesha insonlarimiz ko‘p. Joriy yil ular ko‘magida 32 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Mahallamizdagi bir muhtoj oila farzandi qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y yordami bilan uylantirildi, hamma imkon topganicha ko‘mak berdi. Buni qarangki, kelinimiz binoyidek tikuvchi ekan. Bugun u to‘yiga yordam bergan oila farzandlariga tikish-bichishni o‘rgatmoqda. Yaxshilikka yaxshilik qaytadi, deb shuni aytsa kerak-da.

Yoki boshqa bir misol. Mahalladoshlarimizdan biri Prezident virtual qabulxonasiga ish so‘rab murojaat qilibdi, maoshi 3 million so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak ekan. Bu kishi bilan suhbatlashganimizda ma’lumoti o‘rta maxsus, avval hech qayerda ishlamagani ma’lum bo‘ldi. Buncha maosh uchun inson peshona terini to‘kib mehnat qilishi, ishdan bo‘yin tovlamasligi kerak, kecha-kunduz ishlab bundan ham ko‘p pul topayotganlar ham bor, desak tushunishni xohlamaydi, taklif etilayotgan ishlarga maoshi kam, deya kirishni istamaydi.

Afsuski ba’zi insonlarda “Bersang yeyman, ursang o‘laman” qabilidagi fikrlash tarzi ham yo‘q emas. Oilada 4-5 kishidan bittasigina ishlaydi va mahalla idorasiga yordam so‘rab chiqadi. Biz ham imkoni boricha ularga yordam qo‘lini cho‘zamiz, ammo insonlarning o‘zi uchun o‘zi ham harakat qilishi kerak. Yotib yeganga tog‘ ham chidamasligi ayon-ku. Yurtboshimiz ham “Har bir oila – tadbirkor” tamoyilini hayotimizga tatbiq etayotgani bejiz emas.

Hozirda mahalla ahli uchun zamonaviy mahalla idorasi qurilmoqda va unda bolalarimiz uchun kichikroq bo‘lsa-da kutubxona tashkil etmoqchimiz. Qisqasi, niyatlarimiz ezgu, rejalarimiz bisyor, vazifalarimiz aniq.

O‘zA
3 570