Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2018 09:08 Chop etish versiyasi

Yaxshidan bog‘ qoladi...

Yaxshidan bog‘ qoladi... Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Qatag‘on qishlog‘idagi kutubxona 20 mingdan ortiq kitob fondiga ega. Bu yerda ilmiy va badiiy adabiyotlardan tortib, xorij mamlakatlarida chop etilgan kitoblar ham bor.

Aslida bu kutubxonaga Kasbi tumanidagi Qatag‘on qishlog‘ilik Xolboy bobo Xonqulov asos solgan. Qishloq ahlining deyarli har biri Xolboy muallim qo‘lida ta’lim olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xolboy ota ana shu qishloqda 40 yildan ortiq o‘qituvchilik, tumandagi 3-umumta’lim maktabiga 22 yil direktorlik qilgan. Umrining oxirigacha ziyo tarqatgan bu insonning ma’rifat bulog‘i bugunga qadar qaynab turibdi. 2009 yilda Xolboy ota tashabbusi bilan barpo etilgan “Xolboy ota yoshlar markazi” va uning qoshida tashkil etilgan kutubxona nafaqat Qatag‘on qishlog‘i, balki yon-atrofdagi ko‘plab qishloq yoshlariga beminnat xizmat qilib kelmoqda.

– Xolboy ota Xonqulovga ko‘p yil xalq maorifi sohasida faoliyat ko‘rsatib, orttirgan tajribasi nafaqaga chiqqanidan keyin ham tinchlik bermadi, – deydi Qatag‘on qishlog‘idagi 3-umumta’lim maktabi direktori Akrom Safarov. – Yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, kitob mutolaa qilishni kanda qilmadi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan Qatag‘on qishlog‘ida shaxsiy mablag‘i hisobidan kutubxona – axborot-resurs markazi, o‘quv zali, komputer savodxonligi xonasi va yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa turdagi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lgan “Yoshlar markazi”ni qurdi. Hozir ushbu markaz o‘quvchilarimiz bilan gavjum. Ular darsdan bo‘sh vaqtlarida kitob mutolaasi bilan mashg‘ul.

4.jpg

Ta’kidlash lozimki, bu ziyo maskani va Xolboy domla faoliyatiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham 2016 yil 16 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu yilda chop etilgan “Prezidentga maktublar” va davlatimiz rahbarining “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” kitoblarida ham mazkur kutubxona faoliyati haqida alohida qayd etilgan.

5 (4).jpg

– Rahmatli otamiz tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu mo‘jazgina kutubxona faoliyati Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgani biz, farzandlarga g‘urur bag‘ishlaydi, – deydi “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati nazorat-tahlil guruhi rahbari Ulug‘bek Xonqulov. – Otamiz boshlagan ishni davom ettirishga, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, Qatag‘on va atrofdagi qishloq yoshlari orasida kitob targ‘ibotini yanada takomillashtirishga harakat qilmoqdamiz. Kutubxona fondini yanada boyitishda Qashqadaryo viloyati hamda tuman hokimliklari, yoshlar ittifoqi viloyat hamda tuman kengashlari raislari, Qatag‘on qishloq fuqarolar yig‘ini raisi yaqindan ko‘maklashmoqda. Yaqinda kutubxonamizga O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 200 dan ortiq badiiy va ilmiy adabiyot sovg‘a qilindi. Bundan kitobxonlar juda xursand bo‘ldi.

7 (1).jpg

Yaxshidan bog‘ qoladi, deydi dono xalqimiz. Xolboy bobo Xonqulov ham ana shunday qalbi daryo insonlardan edi. U boylikka ruju qo‘ymadi. Bor kuch-g‘ayrati va mehrini yoshlarni tarbiyalashga bag‘ishladi. Topgan daromadidan orttirib, kitob sotib oldi. Umri bo‘yi shu ezgu ishni davom ettirdi. Uning mehnatlari zoye ketmadi. To‘plagan ma’naviy boyligi avlodlarga abadiy meros bo‘lib qoldi va bu meros hali ko‘p bora o‘z mevasini berishiga ishonamiz.

O‘lmas Barotov, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA
5 449