Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.02.2018 17:35 Chop etish versiyasi

“Yashil” yo‘lakdan yurib vaqtingizni tejang!

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan shu kunga qadar Urganch xalqaro aeroportida 57 aviareys orqali 15 ming 800 dan ortiq yo‘lovchi harakatlangan. Shundan 15 ming 393 nafar, ya’ni 97 foizdan ortiq yo‘lovchi “yashil” yo‘lak orqali o‘tgan.

– “Moskva-Urganch” yo‘nalishida Rossiya Federatsiyasidan keldim, – deydi urganchlik fuqaro G.Niyozquliyeva. – Urganch xalqaro aeroportida “yashil” va “qizil” yo‘lakli tizimlar tashkil etilganini ko‘rib, ochig‘i, juda xursand bo‘lib ketdim. Bu qulaylik orqali bojxona nazoratidan tez o‘tib oldim. Asabbuzarlik ham bo‘lmadi. Oldinlari ham mamlakatimiz havo transporti xizmatidan foydalanganman. Bojxona nazoratidan o‘tishda ancha vaqt ushlanib qolardik. Endi yukimizdagi tovar va valyutalarni og‘zaki ravishda aytib, «yashil» yo‘lakdan o‘tib oldim. Bu menga juda ma’qul bo‘ldi.

«Yashil» yo‘lakdan jismoniy shaxslar notijorat maqsadlardagi yuklarini bojxona chegarasidan yozma ravishda deklaratsiya to‘ldirmasdan olib o‘tishi mumkin. Ya’ni, jismoniy shasxning “yashil” yo‘lakdan o‘tishi bojxona maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalanadigan tovar va belgilangan me’yordan ortiq naqd valyutasi yo‘qligini ma’lum qilish sifatida qaraladi. Bu esa jismoniy shaxsni bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etmaydi.

Muxtasar aytganda, yurtimiz havo darvozalari bo‘ylab joriy qilingan ushbu qulaylik fuqarolarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish sharoitini jahon standartlariga muvofiqlashtirish, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qo‘llashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu mamlakatimizda turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi.

Axmadjon Shokirov, O‘zA
6 097