O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Yaqinlari tomonidan aldangan 90 yoshli mehnat faxriysi endi yolg‘iz emas

Yaqinlari tomonidan aldangan 90 yoshli mehnat faxriysi endi yolg‘iz emas

Rossiya Federatsiyasiga borib, boshpanasiz qolgan 90 yoshli onaxon haqida eshitgandirsiz. U nima uchun o‘zga yurtga yo‘l oldi? Nega bu ahvolga tushdi? Uning hozirgi ahvoli qanday, ertaga qanday bo‘ladi? Bugun bu savollarning javobi aniq.

Gap shundaki, 1930 yilda tug‘ilgan Redkina Klavdiya Zaxarovna o‘z yaqinlarining aldovi sabab Moskvaga kelib qolgan. Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, qizi va nabirasi uning Toshkentdagi shaxsiy kvartirasini o‘zlarining nomiga o‘zlashtirish maqsadida bu ishni amalga oshirgan. Ular K.Redkinani Turkiyaga nabirasining oldiga mehmon sifatida jo‘natishga va qaytganidan so‘ng o‘z uylariga ko‘chirib olib ketishga va’da bergan. Shu kelishuvga ko‘ra, qizi uni Turkiyaga yuborgan. Oradan bir muddat vaqt o‘tib, nabira buvisini Moskvaga kuzatadi. Bu yerda uni qizi kutib olishini aytadi. Ammo aeroportda onaxonni hech kim kutib olmagan. Mas’ullar uni olib ketmaguncha, ikki kun aeroportda qolib ketgan.

Rossiya Federatsiyasi davlat organi xodimlari K.Redkinani O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga keltirgan. Rossiya Federatsiyasida yashaydigan vatandoshlarimizning yordami bilan Moskva–Toshkent yo‘nalishiga aviachipta olingan. Mazkur sa’y-harakatlar orqali Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi ko‘magida K.Redkina joriy yilning 2 noyabr kuni Toshkentga qaytib kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat faxriysi K.Redkinaning ahvolini nazoratga oldi. Vazirlik xodimlari u bilan uchrashib, sharoitlari bilan tanishdi.

Onaxon hozircha qo‘shnisining uyida istiqomat qilyapti. Vazirlik ro‘yxatga olish bilan bog‘liq huquqiy jarayonlar yakunlanishi bilan unga Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tibbiy bilimga ega bo‘lgan ijtimoiy xodimni doimiy (24 soat) biriktirishni ko‘zda tutgan. Muhimi, u bundan buyon yolg‘iz emas.

Bandlik va mehnat munosabatlari
vazirligi Matbuot xizmati.

483
O‘zA