Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.02.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Yangiariq mahallasi jinoyatdan xoli hudud

Yangiariq mahallasi jinoyatdan xoli hudud Farg‘onada “Namunali ichki ishlar organlari tayanch punkti” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Mamlakatimizda aholi xavfsizligini kafolatlash, fuqarolarning tinch va farovon hayot kechirishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, bu borada befarqlik, loqaydlik holatlariga barham berish maqsadida ichki ishlar idoralari bilan jamoat tashkilotlari o‘rtasida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani bugun o‘zining amaliy samarasini berayotir.

Viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlashda sohaning muhim bo‘g‘ini hisoblangan, bevosita mahalla hududida ish yuritayotgan 656 ichki ishlar organlari tayanch punktining o‘rni katta. Fuqarolar yig‘inlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika inspektorlarining ilg‘or tajribasini targ‘ib qilish va rag‘batlantirishda “Namunali ichki ishlar organlari tayanch punkti” ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

1 (1).JPG

Tanlov g‘oliblarini aniqlashda tayanch punktlarining xizmat ko‘rsatish hududidagi vaziyat, profilaktika inspektorlarining mahalla fuqarolar yig‘ini va aholi bilan hamkorligi, bilim va tajribasi, voyaga yetmaganlar bilan ishlash borasidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Oltiariq tumani “Yangiariq” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ichki ishlar organlarining 28-tayanch punkti birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

– Mahallamiz chegara hududda joylashgan bo‘lib, 2 mingdan ortiq aholi yashaydi, – deydi “Yangiariq” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ichki ishlar organlarining 28-tayanch punkti profilaktika inspektori, leytenant K.Abdujalilov. – Mahalla bilan mustahkam hamkorligimiz natijasida o‘tgan yili birorta ham jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilmadi. Hududdagi muammolar jamoatchilik ko‘magida o‘z vaqtida hal etilmoqda. Bu yerdagi aholi tomorqachilikda katta tajribaga ega bo‘lib, barcha doimo biror yumush bilan band. Yoshlarni ish bilan ta’minlash, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar ham doimiy e’tiborimizda.

Shuningdek, tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh. G‘aniyev so‘zga chiqdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
5 901