O‘zA O`zbek

19.04.2018 22:30 Chop etish versiyasi

Yangi uylardan aholi mamnun, ammo...

Bugungi kunda mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylangan. Ayniqsa, aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi. Shaharlarda qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar, qishloq joylarida qad rostlayotgan namunali uylar bunga misol bo‘la oladi. Qurilayotgan uy-joylar aholini, jumladan, yosh oilalar, uyga muhtoj fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 2017-2020 yillarda Toshkent shahrida 500 ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan edi.

2017-yilda poytaxtimizning Sergeli tumanida ularning 102 tasi foydalanishga topshirildi. Mutasaddilarning ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda tumanda 120 ta ko‘p kvartirali uy-joy qurib, egalariga topshirish rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Sergeli tumanida bo‘ldi.

Parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Pardayev boshchiligidagi deputatlar dastlab, qurilish shtabiga tashrif buyurdi. Deputatlar qurilish sxemasi, hudud xaritasi, uy-joy qurishda foydalaniladigan jihozlar, materiallar bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan tanishdi. Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘ida aholi tomonidan o‘tgan yilgi topshirilgan yangi ko‘p kvartirali uy-joylar yuzasidan muammolar borligi yozilgan. Bu esa ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

“O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi direktori o‘rinbosari Elyor Rizayevning qayd etishicha, uy-joy foydalanuvchilari murojaatiga asosan 2017 yilda topshirilgan uylarning metall eshigida nosozliklar aniqlangan. Eshiklarni bo‘yashda sifatsiz bo‘yoqlardan foydalanilgan. Shuningdek, eshik va romlarni o‘rnatishda kamchiliklar aniqlangan va barchasi bartaraf etilgan.

– Joriy yilda qurilayotgan uylarda mazkur kamchiliklarni takrorlamasdan asosiy e’tiborni uy sifatiga qaratyapmiz, — deydi E.Rizayev. – Yangi uylarni belgilangan muddatlarda topshirish uchun barcha imkoniyatlarimiz yetarli. Buning uchun 5 mingdan ziyod quruvchi, 700 ga yaqin texnika jalb qilingan. Uylar 3 xil loyiha asosida qurilmoqda.

Shundan so‘ng, deputatlar ikkinchi uchastkada olib borilayotgan qurilish jarayoni bilan tanishdi. Qurilish ishlariga zamonaviy texnologiyalar, o‘lchov asboblarini keng jalb etish dolzarbligini ta’kidlandi. Shuningdek, quruvchi mutaxassislar, kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur ko‘p qavatli uylarga maxsus ikki kontorli isitish qozonlari o‘rnatiladi. Rossiyada ishlab chiqarilgan mazkur qurilma kuz-qish mavsumida xonadonlarni va suvni isitishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar 2017-yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan Sergeli-6A mavzesidagi yangi uylarga tashrif buyurdi. Mazkur mavzeda o‘n mingdan ziyod aholi yashaydi. Deputatlar bu yerda yashovchi aholi bilan muloqotda bo‘ldi. Yashash sharoiti, kommunal to‘lovlar bo‘yicha ularning fikrlarini eshitdi. Xonadon egalari yangi uylardan juda mamnun ekanligini bildirdi. Mavzeda asosan yosh oilalar istiqomat qiladi. Qayd etilishicha, xonadonlarda kiyimlarni quritish uchun imkoniyat mavjud emas. Shu sababli aholi yuvilgan kiyimlarni uy balkonida quritishga majbur bo‘lmoqda.

Deputatlar 23 ta ko‘p qavatli uy-joyga xizmat ko‘rsatuvchi “Bunyodkor” professional boshqaruv kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur kompaniya zamonaviy binoga ega. Barcha sharoit mavjud. Aholi tomonidan berilgan buyurtmalar ro‘yxatga olinib, tegishli tartibda xizmat ko‘rsatilmoqda. Boshqaruv kompaniyasi dispetcheridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha aholidan xonadonlarda mavjud kamchiliklar yuzasidan 5 ming 300 dan ziyod buyurtma tushgan.

Tahlillarga qaraganda, kamchiliklarning asosiy qismini eshik va romlar, gaz hisoblagichlar, “Ariston” nosozligi, “Domofon” yo‘qligi, uy tomidan chakki o‘tishi kabilar tashkil etadi. Misol uchun, 13-uy 140-xonadonda istiqomat qiluvchi Lola Rahimjonova murojaat bilan keldi. Uning aytishicha, xonadoniga o‘rnatilgan “Ariston” ikkinchi bor suv qo‘yib yuborgan. Kompaniya dispetcheri kamchilikni bartaraf etish maqsadida kommunal soha vakilini biriktirdi.

Kompaniya mutasaddilariga mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
3 588