O‘zA O`zbek

11.07.2018 14:33 Chop etish versiyasi

Yangi qonunda qanday o‘zgarishlar bor?

Yangi qonunda qanday o‘zgarishlar bor?
O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali aholi daromadlarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2018-yilning o‘zida mamlakatimiz birgina gilos eksport qiluvchi mamlakatlar reytingida bir necha pog‘ona ko‘tarilib, to‘rtinchi o‘ringa chiqib oldi. Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar iste’mol qilina boshladi. Bunday ijobiy ko‘rsatkichlarni yanada oshirish qonunlarni ham takomillashtirishni talab etadi.

7868363.jpg

Shuhrat Yoqubov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati

Kuni kecha kuchga kirgan yangi tahrirdagi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholiga sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish hamda turli zararli organizmlarning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, shuningdek, xorijga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish yo‘lida muhim huquqiy asos vazifasini o‘taydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, avval ham mazkur sohani tartibga soluvchi alohida qonun bo‘lgan. Lekin u 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablari, ayniqsa, ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish nuqtai nazaridan, qolaversa, mazmunan eskirgan edi.

Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishiga yana bir muhim asos shunda ediki, o‘simliklar karantini sohasidagi boshqaruv tizimida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Mazkur sohaga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilib, maxsus farmon va ikkita qaror qabul qilindi. Ular asosida, sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga kiruvchi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining tashkiliy-huquqiy maqomi yanada kuchaytirilib, Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘tkazildi. Qonun asosida yangi tashkil etilgan inspeksiyaning tizimi, huquq va vakolatlari aniq belgilandi.

Bu yo‘nalishdagi yana bir muhim masala shundaki, avvalgi qonunda o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining huquqlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, majburiyatlari aniq belgilanmagan edi. Fuqarolarning manfaatlarini hisobga olgan holda yangi qonunning 17-moddasida o‘simliklar karantini davlat inspektorlari majburiyatlari ham aniq ko‘rsatildi.

So‘nggi vaqtlarda tashqi siyosatimizda amalga oshirilgan ijobiy islohotlar natijasida Tojikiston, Qirg‘iziston kabi chegaradosh davlatlar bilan o‘zaro do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlandi, savdo-sotiq ishlari keng yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zaro qo‘shnichilik aloqalari yaxshilangan davlatlar bilan 20 dan ortiq chegara punktlari tashkil etildi. Shu asosda Inspeksiyaga qo‘shimcha 400 dan ortiq shtatlar ajratildi, xodimlar mas’uliyati oshirildi. Maqsad – xorijiy mamlakatlardan kirib kelayotgan mahsulotlar tarkibida o‘simliklar karantini nazorati ostidagi zararli organizmlarning yo‘qligini aniqlash, shu bilan birga, eskport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tez va qulay sharoitlarda xorijiy mamlakatlarga yetkazilishini ta’minlashdan iborat.

Yangi qonunda o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mas’ul xodimlarining lavozimlarini aniq belgilab berish, shuningdek, xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishda o‘simliklar va o‘simlik mahsulotlari bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, import va eksport bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik subyektlari amal qilishi kerak bo‘lgan zararli o‘simlik kasalliklari, hasharotlar va begona o‘tlar kirib kelishining oldini olish bo‘yicha aniq normalar belgilangan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida qonunning 30-moddasiga asosan, avvalgi qonundagi o‘simliklar karantini davlat xizmati organlarini yukni jo‘natilishi kutilayotgan kundan oldin xabar qilish muddati 30 kundan 10 kungacha, eksport qilinayotgan mahsulotni tekshiruv ko‘rigidan o‘tkazish uchun taqdim qilish muddati 15 kundan 3 kungacha qisqartirildi.

Shuningdek, qonunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari alohida yangi moddalarda mustahkamlandi.

Mamlakat xavfsizligini ta’minlashda ham o‘simliklar karantini xizmati muhim rol o‘ynaydi. Chunki birgina zararli organizmni urug‘, ko‘chat kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari orqali mamlakatga kiritib, butun qishloq xo‘jaligini izdan chiqarish mumkin. Bunday salbiy holatlar xorijiy mamlakatlar tajribasida bir necha bor kuzatilgan. Shunday xavflarning oldini olish uchun ham qonunda inspeksiyaning vakolatlarini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning o‘simliklar karantini masalalarini hal etishda qatnashishi ham tartibga solindi. Xususan, ularning ishtiroki jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, karantindagi zararli organizmlarning tarqalishi to‘g‘risida aholini o‘z vaqtida ogohlantirishda namoyon bo‘ladi. Bu esa, zararli organizmlar o‘choqlari tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni yo‘q qilish bo‘yicha zaruriy hamda tezkor bajarilishi lozim bo‘lgan choralarni o‘z vaqtida ko‘rishga imkoniyat yaratadi.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari keng rivojlanayotganligini hisobga olib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida qonunga O‘simliklar karantini sohasidagi axborotning ochiqligi nomli yangi bob kiritildi, unda o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda o‘simliklar karantini sohasidagi boshqa axborot ommaviy axborot vositalarida va O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi belgilandi.

Sababi, hozirgi kunga qadar o‘simliklar karantini to‘g‘risidagi normativ hujjatlar, fitosanitar xavfsizlik doirasidagi tadbirlar va boshqa ma’lumotlarning ochiqligi to‘liq ta’minlanmaganligi fuqarolarga, jumladan, tadbirkorlarga noqulayliklar tug‘dirayotgan edi. Ular qaysi mahsulotlarni eksport qilish mumkin yoki yo‘q va buning sabablari haqidagi ma’lumotlarni olguncha, ancha vaqtini yo‘qotar edi. Qonunga kiritilgan mazkur yangiliklar bu boradagi qiyinchiliklarni bartaraf etadi.

Umuman, yangi tahrirdagi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunning amalga samarali tatbiq etilishi mamlakat hududini turli zararli organizmlardan himoya qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eskporti ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zA
6 375