Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.06.2018 19:29 Chop etish versiyasi

Yangi jurnal ta’sis etildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “O‘zbekiston strategiyasi” ijtimoiy-tahliliy jurnalining nishona soni chop etildi.

Jurnal keng o‘quvchilar auditoriyasi, jumladan, xususiy tadbirkorlar, siyosiy, ekspert-tahlil va amaliy doira vakillari hamda yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda O‘zbekistonda yuz berayotgan so‘nggi o‘zgarishlar, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar doimiy sarhisob qilib boriladi.
Turli mavzulardagi tahliliy maqolalar, infografikalar, mustaqil ekspertlarning fikr-mulohazalari, jamoat tashkilotlari vakillari, vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan intervyular nashrning asosiy mazmunini tashkil etadi.

“O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining yana bir o‘ziga xos jihati – uning sahifalarida mamlakatimizning muvaffaqiyatli rivojlanishiga qaratilgan yangi takliflar bildirish, yetakchi xalqaro tajribalar haqida ma’lumot berish uchun maxsus sahifa tashkil etildi.

Jurnal o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilib, xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlarning yurtimizdagi vakolatxonalari va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida tarqatiladi. «O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKning mahalliy va xalqaro reyslarida hamda sayyohlar gavjum go‘shalarda taqdim etiladi.

Jurnalning ilk soni chop etilib, undan Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning birinchi bosqichi – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijalariga bag‘ishlangan materiallar o‘rin oldi.

– Markazimiz tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi, lekin bugungi kunga qadar bir qancha dolzarb loyihalarni hayotga tatbiq etib kelmoqda, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mas’ul xodimi Akbar Ergashev. – “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining asosiy maqsadi ham mana shu voqealarni tahliliy tarzda o‘quvchiga yetkazishdan iborat.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
2 375