Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.05.2018 13:29 Chop etish versiyasi

Yangi jamoatchilik kengashi tashkil etildi

Yangi jamoatchilik kengashi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengash a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev raisligida Prezidentimizning Elektron tijoratni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasini o‘rganib chiqdi. Turli soha mutaxassislariga ushbu loyiha va 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining dastlabki variantlari taqdim etildi. Ishtirokchilar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, tegishli takliflar kiritdi.

Yig‘ilishda joriy yilning 4-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzurida tashkil etilgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashining asosiy maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritildi. Xususan, kengash zimmasiga vazirlikning ustuvor vazifalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda ishtirok etish, fuqarolarning vazirlik faoliyatiga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilishini ta’minlash orqali vazirlik faoliyati oshkoraligi va samaradorligini oshirish vazifalari yuklatilgan.

Shuningdek, me’yoriy-huquqiy hujjat loyihalari muhokamasida ishtirok etish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga doir takliflar ishlab chiqish, mamlakatimizda AKTni rivojlantirish va yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari ekspertlarini jalb qilishga ko‘maklashish ham kengashning asosiy vazifalariga kiradi.

Yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra, ishtirokchilar kengash raisini sayladi. Unga ko‘ra, tadbirkor B.Orifjonov Jamoatchilik kengashi raisi, “SAP” kompaniyasining (O‘zbekiston) rivojlantirish bo‘yicha direktori L.Adhamova rais o‘rinbosari etib saylandi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 514