O‘zA O`zbek

12.06.2019 18:39 Chop etish versiyasi

Yana 10 vagon kitobim boʻlsaydi...

Yana 10 vagon kitobim boʻlsaydi...

yoxud Shayx nimani hammadan sir tutgani xususida

Yoshligimizda biror nimaga qattiq harakat qilib, gohida istaganimizga erisholmasligimiz maʼlum boʻlsa yoshi kattalar “boʻldi-da endi – otang kim, onang kim...” qabilida koyib shashtimizdan qaytargandek boʻlardi. Bu fikr toʻgʻri ekaniga shubhalanardim oʻshanda. Yurtimizdagi taniqli diniy ulamolardan biri, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining oʻrinbosari Shayx Abdulaziz Mansur “Oʻztransgaz” AJ xodimlari bilan oʻtkazgan uchrashuvdan soʻng yuqoridagi fikr notoʻgʻri ekani xususidagi fikrim mustahkamlandi. Olimning hayotiga asoslangan ushbu voqealar yoshlarga ibrat boʻla oladi, degan fikrda uni sizlar bilan ham baham koʻrishni lozim topdim.

"...Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillari hamma joyda dahriylik siyosati komil boʻlgan. Maktab darslarida Xudo eslatilmas edi. Hatto, bizga ota-onalaringizning jannat yoki doʻzax bor, degan sarqit gaplariga ishonmanglar. Oʻlgandan keyin tiriladi, deydi, kim koʻrib kepti? Bular hammasi boʻlmagʻur gaplar, deyishardi. Oʻquv muassasalarida mashgʻulotlar ateizm asosida boʻlsayam, ammo halqimizning qalbida iymon-ixlos soʻnmagan. Bironta oila benikoh turmush qurmagan, biron mayit bejanoza koʻmilmagan. Masjidlar yopilgan boʻlsa-da, odamlar uyida namoz oʻqigan. Biz ham diniy tarbiyani oilada olganmiz.

Oʻquvchilik davrimda bir kuni maktabdan yigʻlab kelibman. Onam sababini soʻrasalar, astronomiya oʻqituvchimiz bugungi darsda 4-5-marta Xudo yoʻq, deb aytdi, dedim. Shunda onam bagʻriga bosib, “qoʻy bolam, yigʻlama. Endi sizlar shunaqa shoʻrolar davrida tugʻilib qoldingizlar-da. Agar oldingi davr boʻlganida sen Qurʼonni yodlab, qiroat qilib, biron madrasada oʻqiyotgan boʻlarding”, degandilar. Bundan dardim yanayam oshdi.

Baʼzan soʻrab qolishadi. Mana, diniy ilmda shunchalik maqomga yetishibsiz, bu borada sizning ilk ustozingiz kim, deb. Men Alisher Navoiy deyman. Chunki, maktabda adabiyot oʻqituvchimiz Navoiyni juda yaxshi koʻradigan kishi edi. Men birinchi partaga oʻtirib olib Navoiyning hayoti, ijodi va faoliyati haqida aytilgan hikoyalarni jon qulogʻim bilan eshitardim, hatto taʼsirlanib yigʻlaganlarim esimda. Shundan keyin maktab kutubxonasiga borar va Navoiy kitoblarini oʻqirdim. 1941-yilda Navoiy tavalludining 500-yilligi munosabati bilan hamma asarlarini nashr qilishga Moskvadan ruxsat boʻlgan ekan. Qaysi kitobni oʻqisam, 5- yoki 6-bobdan boshlanadi. Asarlarning boshlanishidagi “Bismillahir rohmanir rohiym”, degan soʻzlari va hamdu sanolari olib tashlab nashr etilgan edi bu kitoblar. Shunga qaramay qolganining oʻziyoq butun dunyo xalqlarini ruhiy-maʼnaviy tarbiyalashga yaraydigan zoʻr yozilgan asarlar edi ular. Men 11-12 yoshimda Navoiyning barcha asarlariga oshiq boʻlgan edim. Oʻshanda tushunsam-tushunmasam, Navoiyning “Xazoyin ul-Maoniy” yoki “Xamsa”si deysizmi, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Mahbub ul-qulub” kabi asarlaridagi sheʼrlari, gʻazallari bormi, yod olaverardim. Oʻsha kitoblar orasida arab alifbosi ham bor ekan. U paytda kimning uyidan arabcha yozuv chiqsa, javobgarlik kuchli edi. Birovga arabchani oʻrgating, deyish mumkin emas edi. Domlalar boʻlsa-da, lekin qatagʻonga uchrab uyda oʻtirib qolgan, hech kimga oʻzining domlaligini bildirmay yashayotgan paytlar. Shuning uchun oʻzim Alisher Navoiy kitoblaridan arab tilini mustaqil oʻrganishga harakat qilganman. Lekin buni mustaqil eplash qiyin boʻldi. Boʻsh qoldim deguncha harflarni koʻchirib yozib, yodlab qiynalib yurganimda otam aytdilarki oʻgʻlim, bunday boʻlmaydi, arab tilini oʻrganish oson ekanmi, ana qoʻshni domlanikiga chiqingda, iltimos qilib koʻring. Oʻrgatishlari mumkin, dedilar. Bola emasmizmi, dadam aytgan oʻsha qori domla koʻchadan hassasini doʻqqillatib oʻtsalar salobati bosib yurolmay qolardik. Otam hadeb aytaverganlaridan keyin bir kun oʻzimda kuch topib, tong mahali yuvinib- taranib “Haftiyak” kitobimni qoʻltigʻimga qistirib, otaxonning uylariga chiqdim. Chol-kampir ayvonda sandalda oʻtirgan ekan. Bir yonda oʻchoq, qumgʻonda choy qaynatishyapti. Domla meni koʻrishi bilan “Ha oʻgʻlim, nima gap, dam solib qoʻyaymi”, dedilar. Men boʻlsa titrab, qanday soʻrashni bilmayman. Bir amallab, “Haftiyak”ni oʻrganmoqchi edim... dedim. “Nima-nima, “Haftiyak” oʻqiysan”, dedilar salmoqlab. “Haftiyak - Qurʼonning yettidan biri degani. Sen Qurʼonni oʻqimoqchimisan, harflarni taniysanmi?”. “Ha taniyman, endi siz yordam bersangiz, kitobni oʻqisam”, dedim dudqlanib. Shunda domla va u kishining kampiri ancha taʼsirlanib, koʻzlariga yosh olgan, shu zamondayam Qurʼonni oʻqiyman, deydigan bolalar bor ekan, deb xursand boʻlgan. Lekin, “bizga boshqalarni oʻqitish mumkin emas-da, shuning uchun boshqa ishlarga chalgʻib yuribmiz bolam...” deb, rozi boʻlmadilar. Men esa boʻlmas ekanda, deb sekin chiqib ketmoqchi boʻluvdim qori domla toʻxtatib qoldilar. Soʻng bitta sharti borligini, agar tungi soat 24 larda chiqsam, oʻrgatishlari mumkinligini va buni hammadan sir tutishim zarurligini tayinladilar. Qarang ehtiyotkorlikni...

Oʻsha paytda Fargʻona tumanidagi Mindon qishlogʻimiz ahli jismoniy mehnat, dehqonchilik qiladi. Kechki soat 22-23 larda hamma uxlab qoladi. Koʻchaning u yuzida domlaning uylari boʻlsa, bu yuzida bizniki. Shu oʻrtadan oʻtib olishimni ham birov koʻrmasin, derdilar domla. Oʻrganish davomida yarim bet matnni domla bilan oʻqib olardik. Tushuntirish ogʻzaki, yozuv yoʻq. Ertasiga shuni bexato qilib oʻzlariga qayta oʻqib berishim kerak. Kimdan soʻrab olishni bilmasdik. Shunday boʻlsa-da, har kuni tunda 2 soatdan oʻqib, 1961-yil 10-sinfni bitirguncha forscha, arabcha yozuvlarni oʻqishni oʻrganib olganman. Oʻshanda arab va fors tillarida nafaqat oʻqishni, balki koʻp narsani yoddan bilardim. Lekin eng qiyin sharoitda oʻrganganimizni hammadan sir saqlaganmiz.

Endi bugungi sharoitlar, texnologiyalarni qarang. Telefonning ichidayam turibdi 30 pora Qurʼon. Ham moddiy, ham maʼnaviy tomondan imkoniyatlar cheksiz. Yana bir narsa, moddiyat yetarli boʻla turib, maʼnaviy sayozlik boʻlsa ham rivojlanish qiyin. Shuning uchun davlatimiz siyosatida maʼrifiy sohaga, maʼnaviyatni yuksaltirishga eʼtibor ortmoqda. Hozir bizning diniy idora yonida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi qurilyapti. Bu yerda xalqimizning qoʻlida, qaysidir muzey yoki kutubxonada, sharqshunoslik instituti va yo diniy idoralar fondidami, qayerdaki saqlanib qolgan buyuk ajdodlarimizning qoʻlyozma, toshbosma asarlarini yoʻqotmasdan, boricha yigʻib, saqlash va tarjimasiga oʻtish maqsad qilingan. Prezidentimiz tarjima qilgandayam, nafaqat oʻzbek tiliga, balki dunyo tillariga tarjima qilaylikki, bizning Oʻzbekistonimiz qanday yurt edi, bu zamindan qanday ulugʻ odamlar yetishib chiqqanini butun dunyo bilib qoʻysin, deyaptilar. Islom sivilizatsiyasi markazi kelasi yili ochilishi kutilmoqda. Shunga qaramay, hozirdanoq ishlar boshlanib ketgan, 100 ga yaqin kitob tarjima qilib boʻlindi. Ular orasida Hakim Termiziy, Abu Nasr Forobiy va boshqa ajdodlarimizning asarlari bor. Lekin hali xattotlikning turli namunalarida bitilgan eng asosiylari turibdi. Bu namunalarni bilgan va yoza oluvchi xattot sifatida aytishim mumkinki, bular juda bebaho va nodir asarlar.

Hammadan koʻra koʻproq men suyunayotgan boʻlsam kerak

Islom sivilizatsiyasi markazi ishga tushsa, Xudo bergan umrimning qolgan qismini arab va fors tillaridagi eng qiyin asarlarni tarjima qilishda oʻzim bosh-qosh boʻlib oʻtkazishni niyat qilganman. Usmon musʼhafini koʻchirayotgan shogirdim Habibullo Solihga oʻxshagan yana koʻp shogirdlar chiqarishni niyat qilib qoʻyganman. Bu koʻhna kitoblarning nima foydasi bor, u bizga nima beradi, degan savolning javobi shunday: Bu ilm shunday ajoyibotlar olamiki, uning ichiga kirgan odam cheksiz zavq oladi. Bu zavqni tushunish uchun inson tafakkurida his qilishi kerak. His qilish uchun koʻp oʻqish kerak. Men turli mavzulardagi kitoblarni uyimdayam saqlayman. Bir katta xonada toʻla kitobim bor, shunday boʻlsayam, kitobga toʻymayman. Yana 10 vagon kitobim boʻlsaydi...

Hozir chiqayotgan diniy kitoblarning 90 foiziga masʼul muharrirlik qilayotgan Shayx Abdulaziz Mansur suhbat davomida bir kunda ming betgacha matnni koʻrib chiqishini bildirdi. Shayx hazratlari bunday maqomga erishish uchun tinimsiz mehnat qilish, juda koʻp shugʻullanish zarurligini taʼkidladi.

...Bugun biz yashayotgan davr - 21 asrda texnologiyalar rivojlanib ketgan. Birgina internetni olaylik, undan oqilona foydalanadigan kishi uchun bebaho xazina. Men internetga arab tilida kiraman. Chunki oʻzbek tilida hali bisot kam. Mening telefonimda 65 mingta arabcha kitob bor. Uyda kompyuterdayam shunday foydalanamanki, har qanday soʻzning haqiqatini, lugʻaviy yoki istilohiy maʼnosini bilmoqchi boʻlsangiz, hamma javoblar chiqib turibdi-da. Bizda yoʻq kitoblar koʻp hali. Chunki arablarda qatagʻon boʻlmagan. Misrda, Turkiyada koʻp asarlar saqlanib qolgan. Ular kitob boʻyicha bizdan boy va shu kitoblarni elektron shaklda butun dunyo foydalansin, deb internetga qoʻymoqda. Tekinga koʻchirib olaverasiz yoki oʻqib foydalanaverasiz. Qarang, qanday zamonda yashayapmiz. Boshqa yoʻnalishlardagi adabiyotlar ham bundan kam deb oʻylamayman. Bunday zamon tushimizga ham kirmagan. Bugun ilm egallashga qanchalar keng imkoniyatlar bor.

Ming afsuslar boʻlsinki, internetdan notoʻgʻri foydalanish holatlari koʻpayib boryapti. Bolalar internetga koʻproq oʻyinlarga kiryapti. Bu toʻgʻri emas. Koʻrmasayam boʻlaveradigan, odamning vaqti, umrini zoye ketkazadigan narsalarga ovora boʻlib qolyapti. Shuning uchun biz, kattalar bolalarni nazorat qilishimiz kerak. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan axborotlarda gʻarazli niyatdagilari ham koʻp. Ularning qaysi birini taʼqiqlaysiz yoki qay biriga raddiya berasiz. Shu maʼnoda, yoshlar tarbiyasida kattalarning masʼuliyati kundan-kun ortib ketyapti. Bunga beparvo boʻlish mumkin emas. Biz bolalarimizni mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishga yoʻnaltirishimiz kerak. Aksincha, befoyda, lekin jozibali koʻringan narsalar yoshlarimizni tortib ketishi mumkin. Kitoblarga qiziqtirishimiz kerak. Chunki ular kitobda nimalar borligini, uning foydasi qanchalik koʻp ekanini hali bilmaydi.

Biz savodimiz chiqishi bilan ota-onamiz ertak kitoblar olib kelib, qani oʻqib ber, derdilar. Mening ota-onam savodsiz boʻlishgan. Moʻjizani qarangki, ularning farzandi bugun arablar va forslarga ularning tilida saboq bera oladi. Buyam Yaratganning moʻjizasi. Otam 4 oʻgʻil 3 qizni ketmon chopib, peshona teri bilan katta qilganlar. Rahmatli qoʻllari qavarganini koʻrsatib, umrimiz qora mehnat bilan oʻtdi. Biz ochiq koʻr boʻlib qolganmiz. Sizlar oʻqinglar, deb koʻp aytardilar. Otamga men, siz nimani bilasiz desam, qoʻllari bilan havoda aylana chizib mana bunday shakldagisi “O” ekan deganlar. Bitta harfni tanib oʻtib ketgan boʻlsalar ham otam farzand tarbiyasiga juda jiddiy qaraganlari uchun biz oʻqishniyam, jismoniy mehnatniyam sevib ulgʻaydik. Tushgacha maktab, keyin papkani tashlab dalaga ishlagani chiqardik. Hamma yo paxtazor, unda-bunda qoʻshimcha qovun-tarvuz ekilardi, hammasiga qarardik. Hozir ayniqsa, shahar sharoitida oʻsayotgan bolalarning kamchiligi - bu jismoniy mehnat bilan shugʻullanmaslik. Agar odam jismoniy mehnat bilan shugʻullanmasa, chiniqmasa, aqliy mehnatning oʻzi bilan ham uzoqqa borib boʻlmaydi. Odam darrov nimjon, kasalmand boʻlib qoladi. Shuning uchun bolalarni hech boʻlmaganda sport mashgʻulotlariga jalb qilish yoki sport jihozlari olib berib, uyda boʻlsayam shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratib berish kerak.

Toshkentga 31 yoshimda – 1976-yilda keldim. Oʻshanda Ziyovuddin qori aka muftiy edilar. Meni imtihon qilib koʻrib, siz koʻp narsani oʻqigan ekansiz-ku, deb ishga kirishga undaganlar. Yoʻq, diplom olishim kerak desam, siz shu yerda ishlang, oʻzim diplom yozib beraman, deganlar. Shunday qilib hozirgi oliygohimiz Toshkent islom instituti (Mahad)da ham oʻqib, ham talabalarga dars berib diplom olganman. Bu bilan yoshlarimiz ham shunday kitobga mehrli boʻlib ulgʻayishsa deyman.

Bir voqeani aytib beray. Yoshligimdan kitobga qiziqishim kuchli boʻlganidan bir kitobni boshlasam tugatmaguncha qoʻymasdim. 6-sinfda oʻqisam kerak, bir kuni kitob oʻqib oʻtiribman, yarim kecha boʻlib qolibdi. Shunda dadam kirib, boʻldi endi oʻgʻlim, shu paytdayam odam uxlamaydimi, deb chiroqni oʻchirib qoʻydilar. Oʻshanda kitobning soʻnggi 20 sahifasi qolgan ekan. Dadam chiqib ketganlaridan keyin koʻrpani ustimga tortib, fonar bilan oxirigacha oʻqibman... Bu bilan bolalarimizni ziyoli qilishimiz kerakligini taʼkidlamoqchiman, xolos. Ularni qoʻli ochiq, saxiy insonlar etib tarbiyalashimiz kerak.

R/S. Shayx Abdulaziz Mansur amalga oshirgan “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” qayta-qayta nashr qilingan. Ustoz “Sahihi Buxoriy”ni tarjima va sharh qilib, ikki jildda nashr ettirgan. Ayni paytda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida tuzilgan diniy adabiyotlar nashri boʻyicha maxsus hayʼat raisi hamdir. Shuningdek, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hayʼati aʼzosi. Koʻplab maqolalar, kitoblar muallifi.


Farida TOJIBOYEVA, OʻzA
675