Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.05.2018 18:30 Chop etish versiyasi

Yalla bobo Ravshanovga tilla suvi yuritilgan qo‘l soati topshirildi

Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov boshchiligidagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari karmanalik Yalla bobo Ravshanov xonadoniga kelib, Prezidentimiz nomidan tilla suvi yuritilgan qo‘l soati, 5 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti va boshqa esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 16-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Navoiy viloyatida ham urush faxriylariga pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari urush faxriylari holidan xabar olmoqda. Xususan, faxriylarga Prezidentimizning bir marta beriladigan 5 million so‘mlik pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘a-salomlari topshirilmoqda.

Tumanning Uyrot mahallasida yashovchi Yalla bobo 4 qiz, 1 o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. 1937-1938 yillarda Kattaqo‘rg‘on kanali qurilishida ishtirok etdi. 1939-yili harbiy xizmatga chaqirildi va qariyb o‘n yildan so‘ng – 1948 yilda uyiga qaytdi. Ayni paytda 20 nabira, 24 chevaraning tinch va to‘kin zamonda o‘qib, ulg‘ayayotganidan ko‘ngli yayraydi. Yoshlarga tinchlikni asrash, bu kunlarning qadriga yetishni uqtiradi.

– Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, – deydi Yalla bobo. – Yaratganga behisob shukr, bugungidek dorilomon kunlarda yashash nasib etdi. Har tong yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi, yoshlarimiz emin-erkin o‘qiyotgani, ishlayotgani, o‘zi tanlagan sohada katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani uchun shukronalar aytaman. Buning bari tinchlikdan. Ilohim, har kunimiz doimo shunday bo‘lsin!

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 644