Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.10.2017 12:08 Chop etish versiyasi

Yagona o‘lchash birligini ta’minlash takomillashmoqda

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida «O‘zstandart» agentligi tomonidan «Respublika hududida yagona o‘lchash birligini ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar: muammo va yechim» mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Yagona o‘lchash birligini ta’minlash tizimi O‘zbekiston Respublikasining «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonuni 12-moddasiga asosan davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati mexanizmlari asosida amalga oshiriladi. Agentlik tizimidagi «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasi hozirgi kunda 15 o‘lchash turi bo‘yicha o‘lchash vositalarini qiyoslash, kalibrlash, metrologik attestatsiya qilish ishlarini olib bormoqda. Korxona tizimida bitta sertifikatlashtirish idorasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Korxona metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, biriktirilgan hududlarda o‘lchash birligi va ishonchliligini ta’minlash, yuqori aniqlikdagi boshlang‘ich va namunaviy o‘lchash vositalarini saqlash va tegishli darajada saqlab turish, mavjud yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari va usullarini takomillashtirish, yangilarini yaratish, o‘lchash, nazorat va sinash vositalarini standartlashtirish kabi vazifalarni bajaradi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun korxona laboratoriyalarida 155 yuqori aniqlikdagi birlamchi va 679 namunaviy o‘lchash vositasi mavjud. Shuningdek, uzunlik, massa, bosim, vaqt va chastota, o‘zgaruvchan tok kuchlanishi, induktivlik, elektr sig‘imi, suv sarfi va miqdori kabi 10 milliy boshlang‘ich etalon, ya’ni yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalaridan foydalanilmoqda. Bu esa mamlakatimizda 700 dan ortiq yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini qiyoslash imkonini beradi.

2012-2016-yillarda laboratoriyalarni rivojlantirish uchun 165 namunaviy o‘lchash vositasi xarid qilinib, 341 yangi turdagi o‘lchash vositasini qiyoslashga akkreditatsiya doirasi kengaytirilgan. Laboratoriyalarda qo‘llaniladigan o‘lchash va sinash vositalarini modernizatsiya qilish va yangi turdagi o‘lchash usullarini o‘zlashtirish natijasida 2016-yil 2 million 252 ming dona o‘lchash vositasi metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi. Joylarda metrologik xizmatning rivojlanishi natijasida viloyatlardan Toshkent shahriga qiyoslash uchun o‘lchov vositalari olib kelish zarurati kamaydi.

– Joriy yilda aholi va ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent shahrida 3, hududlarda 33 metrologik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi, – deydi «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasi direktori Doniyor Qodirov. – Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida 2018-2020-yillar davomida yana 13 xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish va zamonaviy o‘lchov vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, 2018-2021-yillar uchun milliy etalon bazasini rivojlantirish uchun 15 dona etalon xarid qilinadi. Natijada yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini qiyoslash uchun xorijga olib chiqish zarurati qolmaydi.

Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 955






Все о погоде - Pogoda.uz