Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2017 19:33 Chop etish versiyasi

Xotira – abadiy, jasorat – mangu

Xotira – abadiy, jasorat – mangu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni va "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida joylarda urush qatnashchilari va xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalarini tabriklash marosimlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bunday bayram tadbirlarini birinchilardan bo‘lib boshlab bergani chuqur ramziy ma’noga ega. Shu kunlarda Mudofaa vazirligi va keng jamoatchilik vakillari Ikkinchi jahon urushi faxriylarini jang maydonlarida ko‘rsatgan matonati, mardlik va jasorati uchun qutlash hamda ko‘nglini ko‘tarish maqsadida ularning uylariga tashrif buyurmoqda.

Buxorolik Hamid Vohidov urushda Berlingacha borgan. Uning ko‘ksi jangovar mukofotlar bilan to‘la. Minomyot bo‘linmasi komandiri bo‘lgan Hamid ota insoniyat tarixida eng qirg‘inbarot deb e’tirof etiladigan Stalingrad jangida ham ishtirok etgan. Urushdan so‘ng Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlab, hayotini armiya bilan bog‘ladi. Turmush o‘rtog‘i Halima aya bilan uch farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ko‘plab nabira va evaralarning bobosi va buvijonisi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari M.Soliyev faxriyga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining pul mukofotini topshirib, vazirlik rahbariyati nomidan yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi, yosh avlodni tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi I.Mirzaaliyev va jamoatchilik vakillari ham muborakbod etdi.

Hamid ota bunday yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli xonandasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov "45-yilning bahori" qo‘shig‘ini ijro etganda Hamid otaning ko‘zlarida yosh qalqidi.

Bu uchrashuv Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti kursanti Fazliddin Ostonovda unutilmas taassurot qoldirdi. U otaxonning urush haqidagi so‘zlarini diqqat bilan tingladi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Javohirbek Anorboyev urush faxriysiga atab she’r o‘qib berdi.

Toshkent shahridagi "Buyuk ipak yo‘li" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Erkin Azizovning so‘zlariga ko‘ra, mahallada ikki nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yashaydi. Mahalla ahli faxriylarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, ularning holidan xabar olib turibdi, kundalik muammolarini hal etishga ko‘maklashmoqda.

Ivan Semyonovich Balabay asli Ukrainaning Xarkov viloyatidan. U O‘zbekistonni ikkinchi Vatani deb biladi. To‘rt farzandi O‘zbekistonda voyaga yetdi. Ivan Semyonovich armiyadan zaxiraga bo‘shatilgach, jamoat ishlari bilan shug‘ullandi.

– Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston vayron bo‘lgan shahar va qishloqlardan kelgan yuz minglab odamlarga boshpana berganini hech qachon esdan chiqarmaymiz, – deydi Ivan Semyonovich. – O‘sha og‘ir kunlarda o‘zbekistonliklar bir burda nonini biz bilan baham ko‘rdi, rus, ukrain, belarus va moldavanlarni o‘z aka-ukasidek qabul qildi. Mamlakatimiz rahbariyati biz, faxriylarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ishtirok etishga jalb etayotganidan xursandmiz.

"Nuroniy" jamg‘armasining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi raisi Ismoil Olimovning aytishicha, Ivan Semyonovich jamoatchilik ishlarida, maktab va kollejlarda tashkil etiladigan uchrashuvlarda faol ishtirok etadi. Faxriylarning mardligi, jasorati, shijoati yoshlar uchun hamisha ibratdir.

Prezidentimizning qarorida "Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir" deyilgan.

Zaxiradagi polkovnik Hakim Toshmatovning turmush o‘rtog‘i Milane Petrovna Toshmatova urush azoblarini tortgan insonlardan. U turmush o‘rtog‘i bilan uzoq va baxtli umr kechirdi. 1942-yilda Germaniyaga majburan olib ketilib, 1945-yil konslagerdan ozod etilgan. Sabr-matonatli Milane Petrovna taqdirning bunday sinovlariga bardosh bilan chidadi. Urushdan keyin O‘zbekiston iqtisodiyotini tiklashga o‘z hissasini qo‘shdi, ikki o‘g‘lini haqiqiy Vatan himoyachisi etib tarbiyaladi. Ikki o‘g‘li ham harbiy xizmatdan polkovnik unvoni bilan zaxiraga bo‘shatilgan.

– Sizga va barcha urush faxriylariga ta’zim qilamiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha markaziy kengashi raisi Hikmat Qosimov. – Xotira, mardlik va matonatni hurmat qilish O‘zbekistonning bugungi yoshlari uchun bebaho qadriyatdir.

Ablay Kamolov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
3 529






Все о погоде - Pogoda.uz