O‘zA O`zbek

12.07.2019 16:31 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlar kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi?

Xotin-qizlar kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi?

Kogon shahar xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi ochildi.

Markaz ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini hal etish yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

– Markaz faoliyati keng qamrovli, – deydi shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilfuza Ergasheva. – U og‘ir ahvolda qolgan, oilasida muammolari bo‘lgan, turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan ayollarga qonun doirasida shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordamlarni ko‘rsatadi. O‘z joniga qasd qilishning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, qolaversa, fuqarolar bilan o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatishga ko‘maklashadi. Shu jihatdan qaraganda, hududimizda xotin- qizlar bilan bog‘liq turli salbiy holatlarni bartaraf etishda markazning ahamiyati katta.

Markazda uning oldiga qo‘yilgan dolzarb masalalarni bartaraf etishga bag‘ishlangan amaliyotlar, seminar-treninglar, davra suhbatlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

photo5278282977790503654.jpg

Marosim qatnashchilari markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Yana bir muhim jihat. Markaz yaqinida uning maqsad va vazifalariga mos keladigan ijtimoiy uy ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda turmush qiyinchiliklari oldida tang holda qolgan, uysiz ayollar muayyan muddat yashaydi. Davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ularning mehnat bandligini ta’minlash, farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirishga ko‘maklashilmoqda.

Yaqin orada bu ayollarning boshqa ijtimoiy muammolarini ham hal etish ko‘zda tutilgan. Shu kuni ijtimoiy uyda xotin-qizlar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan chuqur tibbiy ko‘rik ham o‘tkazildi.

photo5278674816246852376.jpg

– Viloyatning 6 ta shahar va tumanida Ijtimoiy reablitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Feruza Ibragimova. – Yil oxirigacha qolgan 7 ta tumanda ham oila institutlarini yanada mustahkamlash, aholi o‘rtasida o‘zaro nizoli vaziyatlarni bartaraf etishda hamda oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatilishidan aziyat chekayotgan ayollarga o‘z vaqtida manzilli yordam ko‘rsatadigan zamonaviy qulayliklarga ega ana shunday markazlar tashkil etiladi. Ular Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 iyundagi “Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishida namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini ta’minlashga muhim hissa qo‘shadi.

Erkin YoDGOROV, O‘zA
447