Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2018 14:20 Chop etish versiyasi

Xotin-qizlar faoliyati takomillashmoqda

Milliy matbuot markazida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi «Ayollar qanoti» kengashi tashabbusi bilan partiya, Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hamkorligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda ayollar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda jamoat tashkilotlarining faolligini oshirish, ularning ijtimoiy hamkorligini kuchaytirish, bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralari muhokama etildi.

Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari, nikoh yoshining oila mustahkamligini ta’minlashdagi ahamiyati, ajrashishlarning oldini olishda oilaviy qadriyatlarning o‘rni haqida hayotiy misollar asosida fikr-mulohazalar bildirildi.

– Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarning tub negizida mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadi mujassam, – dedi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mas’ul xodimi Feruza Akramova. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Seminarda ishtirokchilarning mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda hamkorlikni kuchaytirish, mavjud muammolarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ushbu holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflari tinglandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
4 451