Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2018 10:10 Chop etish versiyasi

Xitoylik olimlar mehmonimiz

Yurtimizning ipakchilik tizimiga malakali mutaxassislar yetkazib berish va ularning bilimlarini yanada oshirish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida ipakchilik kafedrasi tashkil etildi.

Bu haqida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan hamkorlikda Xitoy fanlar akademiyasining professor o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi. 

Unda yurtimizdagi qator ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari hamda Xitoy fanlar akademiyasi professorlari ipak qurtining fibrina, tut daraxtlari zararkunandalari bo‘lgan tut parvonasi hasharotiga qarshi kurashishning samarali vositalarini ishlab chiqish borasida hamkorlik qilayotgani qayd etildi. Xorijlik olimlar bilan hamkorlikda labaratoriyada master klass o‘tkazildi. 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ayni vaqtda soha uchun mutaxassislar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlari - Toshkent davlat agrar universiteti, uning Nukus va Termiz shahridagi filiallari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali, Farg‘ona politexnika instituti, Namangan muhandislik-texnologiya institutlari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlamoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 martda qabul qilingan "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohani rivojlantirishda sifat menejmentining zamonaviy usullarini qo‘llash, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida pillachilik tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish hamda yangilash vazifalari belgilangan.

Uyushmada ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash, ipakchilik sohasida tashkil etiladigan yangi korxonalar uchun talab etiladigan oliy malakali muhandis va texnik mutaxassislar tayyorlash maqsadida dastur ishlab chiqildi. Bakalavr hamda magistrlar tayyorlashning o‘quv va fan dasturlari tahlil etilib yangilanmoqda. O‘tilayotgan fanlar zamonaviy texnologiyalar asosida olimlar va mutaxassislar tavsiyasi asosida yangi innovatsion materiallar bilan to‘ldirilmoqda. 

Ta’lim olayotgan talabalarning o‘quv, bitiruv, diplom oldi amaliyotlarini uyushma korxonalarida o‘tkazilishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, boshqa viloyatlardan borgan talabalar uchun yotoqxonalar va issiq ovqat tashkil etilib, “Ustoz-shogird” an’analari yo‘lga qo‘yildi. 

Ta’kidlash joizki, 2017 yil iyul oyida uyushma tizimida faoliyat yuritayotgan 5 nafar mutaxassis Hindistonda, avgust-sentabr oylarida yana 29 nafar mutaxassis Xitoyning Szyansu va Shandon provinsiyalarida zotli ipak qurti urug‘i yetishtirish, ipak qurtini parvarishlash texnologiyasi, sifatli pilla ishlab chiqarish yo‘nalishlarida malaka oshirdi. Hozirda ular joylarda ilg‘or xorijiy agrotexnologiyalar bo‘yicha ipak qurti boqish yuzasidan seminarlar o‘tkazmoqda. Joriy yilda yana 55 ta mutaxassis xorijga yuboriladi. Tizim korxonalarida 10 dan ortiq Xitoy va Hindistondan taklif etilgan mutaxassislar ilg‘or usullarda ipak qurti boqish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘qitish ishlarini olib bormoqda.

O‘zA
1 583