Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2018 13:20 Chop etish versiyasi

Xitoy kompaniyasi kitob sovg‘a qildi

Abdulla Qodiriy nomidagi Navoiy viloyati axborot-kutubxona markaziga Xitoyning “China CAMC Engineering Co, Ltd” (CAMCE) kompaniyasi tomonidan 20 ming AQSh dollari qiymatidagi xorijiy tildagi adabiyotlar to‘plami tuhfa qilindi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda davlatlarimiz o‘rtasida barcha sohalar, jumladan, madaniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlik munosabatlari  tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi. 

Ayni paytda kompaniya tomonidan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida  yirik uch loyihadan biri – polivinilxlorid (PVX) – Kaustik sodasi – metanol ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

–Biz xitoyliklarda bir maqol bor, uning ma’nosi shunday: agar kimdandir bir chimdim mehr ko‘rsang, ikki hissa qilib qaytar, – deydi “China CAMC Engineering Co., Ltd” (CAMCE) kompaniyasi bosh direktori Huang Kai Li xonim. – Demak, ikki xalq o‘rtasida o‘zaro ishonch bo‘lsa, barcha sohalardagi aloqalar ham mustahkam bo‘ladi. Bugun Xitoyda Yangi yilning ilk kuni. Bu bayramni O‘zbekistonda quyosh charaqlab turgan kunda nishonlayotganimizda ham qandaydir hikmat, fayz ko‘ryapman men. Endi bunday xayrli tadbirlarni ko‘p o‘tkazamiz.

Kitobxon o‘quvchi-yoshlar tomonidan o‘zbek va xorijiy tillarda Alisher Navoiy g‘azallari va zamonaviy she’riyatimizdan namunalar yod aytildi.

 –Китоблар jamlanmasi ayniqsa, biz yoshlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi, – deydi Navoiy shahridagi 1-davlat iqtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Ahmad Murodillayev. – Ayni paytda IELTS imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. Xorijiy tillardagi bu adabiyotlar bunda menga asqotishiga ishonaman. Umuman, insonning intellektual salohiyatini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos. 

Mehmonlarga “O‘tmishi qadim, kelajagi nurli diyor” nomli kitob-albomlar esdalik sifatida topshirildi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
6 196