Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.06.2018 18:24 Chop etish versiyasi

Xayrli ishlar xalqimiz tinchlik-osoyishtaligi va yorug‘ kelajagiga zamin yaratadi

Xayrli ishlar xalqimiz tinchlik-osoyishtaligi va yorug‘ kelajagiga zamin yaratadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizning milliy-diniy qadriyatlarini tiklash, ma’rifiy islomni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning dinimiz sofligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasini keng o‘rganish va targ‘ib etish yuzasidan ko‘plab tashabbuslarni boshlab berdi.

Davlatimiz rahbari Ramazon hayiti kuni Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurib, inshoot poydevoriga tamal toshi qo‘ygani bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.

O‘zA muxbiri din arboblari, ziyolilar, ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillarining markaz haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Usmonxon Alimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy:

– Bismillohir Rohmanir Rohim. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning ertangi kuni, farovon kelajagini ko‘zlab barcha sohada ulkan o‘zgarishlar qilinyapti. Bu o‘zgarishlarni butun xalqimiz qo‘llab-quvvatlayapti.

Prezidentimiz o‘tgan yili 1 sentyabr – Qurbon hayiti kuni Hazrati Imom majmuasiga kelib, Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi, maqsad va vazifalari yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan so‘ng mazkur majmua yonidan o‘n gektarga yaqin yer ajratilib, ishlar jadal boshlandi.

Davlatimiz rahbari shunday ulug‘ ayyom kuni markaz qurilishining boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur ma’no-mazmun mujassam ekanini ta’kidladi. Bu markazni qurishdan maqsad islom ma’rifatini o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning boy merosini xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ekanini qayd etdi.

Darhaqiqat, dinimizning gullab-yashnashi, islom tamadduni yuksak darajaga ko‘tarilishida ajdodlarimizning hissasi beqiyos. Yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Hafz Kabir kabi ulug‘ allomalar islomning asl mohiyatini butun dunyoga yoygan. Bunday ulug‘ zotlar merosi, qadamjolari diyorimizning deyarli barcha go‘shalarida mavjud bo‘lib, yurtimizga kelayotgan mehmonlar hammasini ziyorat qilishining imkoni yo‘q. Islom sivilizatsiyasi markazida ajdodlarimiz merosi, ta’limotlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Ushbu markazning asosiy g‘oyasi ulug‘ allomalarimizning islom rivojiga ulkan hissasini targ‘ib etish, tariximiz, ma’naviy merosimizga dunyo e’tiborini qaratishdan iborat. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu yo‘ldagi barcha sa’y-harakatlarimiz yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, xalqimiz tinchlik-osoyishtaligi va yorug‘ kelajagiga zamin yaratadi.

Shoazim Minovarov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori:

– Prezidentimizning O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqidagi qarori qabul qilinganidan so‘ng keng qamrovli ishlar bajarildi. Markaz tashkil etilgani haqidagi xabar butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, ushbu xayrli niyat zamirida yotgan sabab, ya’ni tahlikali olamda yoshlarni zo‘ravonlik, ekstremizm va radikalizm mafkurasidan himoya qilish, buyuk ajdodlar merosini kelajak avlodlar uchun asrash va targ‘ib qilish istagi dunyodagi hamkorlarimiz va do‘stlarimiz orasida katta qiziqish va xayrixohlikka sabab bo‘ldi.

Bugungi kunga qadar jahondagi 20 dan ortiq xuddi shunday markazlar bilan aloqa o‘rnatdik. Jumladan, Angliyada Kembrij universiteti, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Britaniya muzeyi va kutubxonasi, Istanbuldagi qator ilmiy-tekshirish institutlari, To‘pqopi muzeyi, Fransiya islom markazi, Parijdagi Luvr muzeyi, Parij milliy kutubxonasi, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyi va boshqa qator yetakchi muassasalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 7 ta memorandum imzoladik. Markaz kutubxonasi uchun 400 dan ortiq nodir qo‘lyozmalar xarid qilindi, yurtdoshlarimiz o‘zlaridagi qo‘lyozma nusxalarni hadya etmoqda. Ular orasida Boburiylar davrida Dehli va Lahorda ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxalari, Payg‘ambarimiz tarixiga oid manbalar, shuningdek, buyuk bobolarimiz asarlarining turli tillardagi toshbosma nusxalari bor.

Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida Islom madaniyati va san’ati tarixi muzeyi faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytga qadar muzey uchun 200 ga yaqin noyob eksponat jamlandi. Yurtimizdagi muzeylarda saqlanayotgan, vaqtincha foydalanilmayotgan eksponatlar, turli markazlar, kutubxonalardagi qo‘lyozmalar ro‘yxati ham shakllantirilmoqda. Ularning elektron nusxalarini olish, o‘zaro ma’lumot almashish ustida ish olib borilmoqda.

Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonda diniy ta’lim va ma’rifat, ilmiy-madaniy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, diniy ta’lim muassasalari haqida taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirish, yurtimizga bo‘lgan hurmatni mustahkamlash, xalqimizning imon-e’tiqod, ma’naviyat va ma’rifatga intilishini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Mirzo Kenjabek, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, shoir:

– Prezidentimiz mazkur marosimda ziyolilar bilan o‘tkazgan samimiy suhbatda mamlakatimizdagi ma’naviy-ma’rifiy hayotning asos va istiqbollari haqida so‘z yuritib, dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Islom sivilizatsiyasi markazining tashqi ko‘rinishi bilan birga uning mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. U faqat tarixni aks ettiruvchi jonsiz manzaraga aylanib qolmasdan, islomning hayot dini ekanini isbotlovchi, buyuk ilmu ma’rifat, odob va axloq, ma’naviyat va madaniyat, oliy insonparvarlik tamoyillarini ko‘rsatuvchi ko‘zguga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyodagi, xususan, yurtimizdagi diniy yuksalish jarayonini tarixiy davrlarga bo‘lib, o‘tmish sifatida aks ettirishi yetarli emas, balki har bir soha ilmini muayyan kenglikda aks ettirishi lozim. Masalan, jahon aqida (e’tiqod yoki ilmi kalom) maktabi, tafsir, hadis, fiqh va tasavvuf maktablarining tarixiy va zamonaviy jarayonlari markaz faoliyatida o‘z aksini topishi zarur.

Yurtimizda shayxlik-muridlik, ustoz-shogirdlik maktablari asrlar osha davom etib kelgan. Har bir allomaning o‘z ilm-ma’rifat dargohi bo‘lgan. Sof imon-e’tiqodga ega bo‘lish, yoshlarni to‘g‘ri kamol toptirish uchun mazkur ta’lim dargohlarini tiklash, ana shu asosda davrimiz talablariga muvofiq ilmiy xodimlar yetishtirish bugungi kundagi muhim vazifalardandir.

Rahimberdi Rahmonov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 15 iyun kuni ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash bo‘yicha imom-xatiblar bilan tarixiy uchrashuv o‘tkazgan edi. Oradan bir yil o‘tib, Ramazon hayiti kuni yana bir ulug‘ ishga qo‘l urildi. Ushbu ulug‘ amalning muborak ayyomda boshlangani zaminida chuqur ma’no bor. Islom sivilizatsiyasi markazining Hazrati Imom majmuasida barpo etilishi yurtimizning islom olamida tutgan nufuzini namoyon etadi. Oradan yillar, asrlar o‘tadi. Ajdodlarimizning Qur’oni karim qiroati va tafsiri, fiqh, hadis, balog‘at ilmi, arab tili rivojiga doir bebaho merosi jam bo‘ladigan ushbu maskan yoshlarimiz, xorijlik mehmonlarning ota-bobolarimiz kim bo‘lgani, xalqimizning qanday buyuk merosga ega xalq ekani haqidagi tasavvurini boyitadigan, unga hurmat uyg‘otadigan ziyoratgoh bo‘lib necha-necha avlodlarga xizmat qiladi.

Prezidentimiz din arboblari, mahalla faollari, me’morlar, mutasaddilar bilan suhbatda ajdodlarimizning turli davlatlarda saqlanayotgan asarlari fotonusxalarini olib kelish zarurligini ta’kidladi. Bu tabarruk maskanga kelgan kishi O‘zbekistonning islom tamadduniga qo‘shgan hissasi bilan tanishib, uning islom olamidagi zalvorli maqomini his qilsin, dedi davlatimiz rahbari. Dinu diyonatga qaratilayotgan bunday e’tibor islomning nufuzini oshirish, xalqlarni imon-e’tiqod, ma’naviyat-ma’rifatga chorlash, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Abduqahhor Turdiyev, markaz bosh me’mori:

– Ushbu markaz konsepsiyasida ulug‘ allomalarimizning merosini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish g‘oyasi chuqur ifoda topgan. Uch qavatli bino loyihasidan kutubxona, qog‘oz va yozuv tarixi, ajdodlarimizning islom dini, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, san’at, ta’lim, shaharsozlik va me’morlik, an’ana va urf-odatlar, Usmon Qur’oni kabi zallar o‘rin olgan.

Bu yerga keluvchilar dastlab ajdodlarimizning islom dini rivojiga qo‘shgan hissasi, xattotlik, me’morlik, san’at va madaniyatimizga oid nodir buyumlar, ashyolar bilan tanishadi. Bino tarhi shunday chizilganki, bir zalni ko‘rmasdan boshqasiga o‘tib bo‘lmaydi. Eng oxirida, yuqori qavatdagi Usmon Qur’oni turgan zalda taralayotgan nur ramziy ma’noda bu yerda olingan barcha taassurotlarni jamlab, ziyoga aylantiradi. Aslida ham maqsad markazni ziyo taratuvchi, yoshlarni ilm-ma’rifatga undovchi qutlug‘ maskanga aylantirishdir.

Prezidentimiz tavsiyalariga asosan Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy arxitektura me’yorlari asosida puxta loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra bino peshtoqi Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi peshtoqiga o‘xshab, yuqori qismi gumbazli qilib quriladi. Binoda, shuningdek, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, anjumanlar zali, xizmat xonalari, boshqa obyektlar joylashadi. Markaz binosi ko‘p maqsadli bo‘lib, bu yerda olimlar izlanishlar olib boradi, turli ko‘rgazmalar tashkil qilinadi. Fanlar akademiyasi bo‘limi ham joylashadi. Ularni alohida-alohida va bir-biriga moslashtirib loyihalash zimmamizda edi. Olimlar, jamoatchilik vakillari, me’morlar hamkorlikda loyihani tayyorladik.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilayotgan mazkur inshoot qisqa fursatda mazmuni va me’moriy yechimi bilan nafaqat poytaxtimiz, balki butun islom olamining noyob ko‘zgusiga aylanadi.

O‘zA muxbiri Matnazar Elmurodov yozib oldi.
1 628