Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 17:07 Chop etish versiyasi

Xavfli jinoyatchi sud qilindi

Toshkentlik muqaddam sudlangan Murod Mo‘minov ilgari bir necha marotaba jinoyat sodir etgan bo‘lsa-da, halol yashashni o‘ylamadi, nopok yo‘ldagi qing‘ir ishlarini to‘xtatmay, takroriy ravishda yana jinoyatga qo‘l urdi.

U joriy yil 31-yanvar kuni poytaxtimizning Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi Inobat Usmonovaga 280 AQSh dollari evaziga "Akfa" romlari qo‘yib berishni va’da qiladi. Oldindan 100 AQSh dollari va 700 ming so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgach, ishni paysalga soladi. Qo‘lga kiritgan mablag‘ni esa o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Murod 2017-yil 8-mart kuni Shayxontohur tumani, Yangi Beltepa mahallasida Javohir Mirzayev boshqaruvidagi, “Sensis Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli davlat raqami 01 984 REA bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomashinani ta’mirlab berishga kelishadi. 750 ming so‘m pul, 15 grammlik, bahosi ikki million ellik ming so‘mlik tilla taqinchoqlarni xizmat uchun, deb oldindan oladi. Oradan bir kun o‘tib, “Kredit Aziya” do‘koniga kredit pullarini o‘zi to‘lashi sharti bilan Javohir Mirzayevning nomiga kreditga televizor olishni rasmiylashtirishni taklif qildi. Javohir Mirzayev ham “usta”ning so‘zini ikki qilmay, kelishuvga rozi bo‘ldi. Murod esa narxi 3 million 845 ming so‘mlik televizorni olib, boshqa shaxslarga sotib yuboradi.

M.Mo‘minov 12-mart kuni Javohir Mirzayevning avtomashinasini ta’mirlab berish uchun olib ketadi. Avtomashinani shaharning bir chetiga olib borib, undagi 5 million 250 ming so‘mlik konditsioner hamda 750 ming so‘mlik himoya yostiqchasini yashirin ravishda o‘g‘irlaydi va tanishlariga sotib yuboradi. Pullarni esa o‘z ehtiyojlari uchun ishlatadi.

Murodning qing‘ir yo‘ldagi bunday qadamini tuman ichki ishlar xodimlari to‘xtatdi.

M.Mo‘minovning avvalgi jinoyatlari bo‘yicha hujjatlar tekshirilganda, unga nisbatan muqaddam Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2016-yil 20-dekabrdagi hukmiga ko‘ra, ish haqidan 30 foizi miqdorini davlatga undirib qolgan holda, uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangani ma’lum bo‘ldi.

Toshkent aloqa kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida M.Mo‘minov jazoni to‘la o‘tamay turib yangi jinoyat sodir etganligi inobatga olingan holda, unga olti yil-u ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi M.Mo‘minovdan jabrlanuvchi J.Mirzayev foydasiga 12 million 645 ming so‘m, I.Usmonova foydasiga esa 1,5 million so‘m moddiy zarar undiriladigan bo‘ldi.

Sayyor sudda sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Bu kabi tadbirlar fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Davron Sunnatov, O‘zA
975






Все о погоде - Pogoda.uz