Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.01.2018 18:04 Chop etish versiyasi

Xalqimizning buyuk farzandiga ehtirom

Xalqimizning buyuk farzandiga ehtirom Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab “Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti” mavzuida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda taniqli olim va mutaxassislar, kasb-hunar ta’limi tizimi o‘qituvchi va o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining rafiqasi T.Karimova, Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari M.Quronov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning buyuk farzandi, mustaqilligimiz asoschisi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasiga yuksak ehtiromning yaqqol namunasi ekanini ta’kidlab, qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda izchil ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

2.JPG

Buyuk davlat va siyosat arbobi, xalqimizning aziz farzandi Islom Karimov butun faoliyatini, hayotini Vatanimizning ozodligi, tinchlik-osoyishtaligi, xalqimizning baxtli va farovon hayot kechirishi uchun baxshida qildi. Tarixan qisqa davrda O‘zbekiston ilgarigi iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan tez va barqaror sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallagan, qudratli davlatga aylanishi, mustaqillik yillarida xalqimiz ulkan yutuq va marralarga erishishi – bularning barchasi Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liq.

Bunday insonning xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish ham sharaf, ham farzdir. Zero, Vatanimiz, xalqimizga butun borlig‘ini baxshida qilib, fidoyilik ko‘rsatib yashagan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ibratli hayoti va faoliyati mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida, mustaqillikka sadoqatli qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

4.JPG

– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov biz, yoshlarni yaxshi ko‘rar, kelajagimiz egalari, deya yuksak ishonch bildirib, iqtidor va salohiyatimizni yuzaga chiqarish uchun hech narsani ayamas edi, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi, Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi Shohjahon Yusupov. – Bugun bu boradagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi, yuksak bosqichga ko‘tarildi. Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lish, bor kuch va salohiyatimizni Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida safarbar etish farzandlik burchimizdir.

Tadbirda “O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilari Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, mamlakatimiz Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Bayram Aytmurodov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
5 274