O‘zA O`zbek

22.05.2018 20:50 Chop etish versiyasi

Xalqimiz va millatimiz ibrati

Xalqimiz va millatimiz ibrati Is’hoqxon Ibrat nomi bundan bir-ikki yil avval ham faqat ilmiy doiralardagina ma’lum edi, xolos. Prezidentimiz Namanganda saylovoldi uchrashuvida bu ulug‘ allomani alohida ehtirom bilan yod etib, uning xalqimiz uchun qilgan beqiyos xizmatlari yuksak e’tirofga munosib ekanini aytganidan keyingina Is’hoqxon Ibratning buyuk shaxs bo‘lganini anglay boshladik.

Ibratni bilamizmi?

Davlatimiz rahbari nega aynan Ibrat domlani bu qadar chuqur ehtirom bilan tilga oldi? Zero, o‘sha uchrashuvda sanab o‘tilganidek, Namangan zaminidan yetishib chiqqan boshqa namoyandalar ham ko‘p edi. Haq yo‘liga boshini tikkan Rahimbobo Mashrab, milliy istiqlol orzusida jon fido qilgan Usmon Nosir va boshqalar.

2.jpg

Albatta, bunday savol tug‘ilmasligi uchun biz Ibrat domlani yaxshi bilishimiz kerak edi. Xo‘sh, Is’hoqxon Ibrat kim bo‘lgan va qanday ishlari bilan tariximizda chuqur iz qoldirgan?

O‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixida milliy uyg‘onish davrining komil arbobi sifatida muhim o‘rin tutgan Is’hoqxon To‘ra Junaydullaxon to‘ra o‘g‘li Ibrat qomusiyolimlarga xos serqirra salohiyat sohibi edi. Uning ilm va ijoddagi faoliyatini umumlashtirgan holda muxtasar qilib, atoqli ma’rifatparvar va taraqqiyparvar, deb ta’riflash mumkin.Shoir, pedagog, tilshunos, tarixchi, matbaachi, noshir, publitsist, naqqosh, xattot, rassom, bog‘bon... Ibratga xos ana shu sanab o‘tilganlarning har biri alohida ilmiy tadqiqot talab qiladigan mavzu ekanini endi-endi bilayotgan bo‘lsak, ajab emas.

Is’hoqxon Ibrat 1862 yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Otasi Junaydulla to‘ra Sunnatilla to‘ra o‘g‘li o‘z davrining ziyolisi edi. Xodim taxallusi bilan she’rlar yozgan. Onasi Huribibi zamonasining o‘qimishli ayollaridan biri bo‘lib, qishloq qizlarini o‘qitgan. Nazmda durustgina qalami bo‘lgan. Bobosi ham shoir bo‘lib, Afsus taxallusi bilan elga tanilgan.

Is’hoqxon savodni onasi Huribibi yordamida chiqaradi. 1878-1886 yillarda Qo‘qondagi Muhammad Siddiq Tunqator madrasasida tahsil oladi. Bu yerda arab, fors tillarini o‘rganadi. Tarix, tilshunoslik kabi fanlar bilan jiddiy shug‘ullanadi. Ibrat shoirlar va fozillar shahri – Ho‘qandi latif adabiy muhitidan, Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqa shoirlar davrasidan bahra oladi. Bu keyinchalik uning ijodiy o‘sishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ibrat – ma’rifatparvar

Madrasani tamomlab To‘raqo‘rg‘onga qaytgan Ibrat xalq farzandlarini ilmli, ma’rifatli qilishdek ezgu maqsadda 1886 yilda yangi usulda maktab ochib, muallimlik qila boshlaydi. Maktabda dunyoviy ilmlarni o‘qitishga alohida e’tibor beradi. Tor tushunchali ayrim “mulla”larning ig‘vosi bilan ma’murlar bu maktabni yopib qo‘yadi.

3.jpg

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda, jumladan, Farg‘ona vodiysida yangi ijtimoiy tafakkur shakllana boshlagan edi. Ilg‘or ziyolilar xalqni zulmatdan chiqarish, ongini yoritish, taraqqiyotga, milliy uyg‘onishga da’vat etish borasida faol ish olib bordilar, butun faoliyati va ijodini shunga qaratdilar. Ibrat mana shu ma’rifatparvar va taraqqiyparvar ziyolilar guruhining oldingi saflarida edi. O‘z adabiy-ijodiy va amaliy faoliyatini asosan shu maqsadga yo‘naltirdi. O‘z she’rlarida xalqni ilm-ma’rifatni egallashga, xorijiy tillarni o‘rganishga chaqirdi, milliy uyg‘onishni targ‘ib qildi:

O‘qingiz, ilmi hikmat sizga, bu ish katta Ibratdur,

Agar ilm o‘rganursiz barcha ishda sizga nusratdur.

Agar ilm o‘lmasa, nodon umri barcha kulfatdur,

Bu ashyoi jadidi mubaddini asli hikmatdir.

1887 yilda Ibrat onasi bilan uzoq chet el sayohatiga otlanib, Turkiya, Eron, Misr va Arabiston bo‘ylab ilmiy-ijodiy safarda bo‘ladi, haj ibodatini bajaradi. Volidasi Huribibi Jidda shahrida vafot etadi. Uni tuproqqa topshirgach, Ibrat Yevropa mamlakatlariga yo‘l oladi. Bolgariya, Gretsiya, Italiyada bo‘ladi. So‘ngra Hindistonga o‘tib, Bombey va Kalkutta shaharlarida bir muddat istiqomat qiladi. Musofirchilikdaunga yoshlikda o‘rgangan husnixat va naqqoshlik san’ati kor keladi. O‘sha yoqlarda u arab va fors tillaridan olgan bilimini mustahkamlaydi. Ingliz, hind va urdu tillarini o‘rganadi. U rus tilini ham puxta bilgan hamda Sankt-Peterburg, Moskva shaharlariga bir necha marta borgan.

Nihoyat, Afg‘oniston va Qoshg‘arda ham bo‘lgan Ibrat 1895 yilda To‘raqo‘rg‘onga qaytadi. U Yevropa yangiliklari, madaniyati va ilm-fan yutuqlaridan o‘z xalqi ham bahramand bo‘lishini istaydi. Bularni yurtiga olib kirishga, joriy etishga harakat qiladi. Ayniqsa, maktab-maorif sohasiga katta e’tibor qaratadi. 1907 yilda To‘raqo‘rg‘onda yangi sharoit va yangi uslubda ish olib boradigan maktab tashkil qiladi. Ta’lim-tarbiya sohasida jadidchilik qarashlarini qattiq turib himoya qiladi. Ta’lim berishda “usuli savtiya”ni qo‘llashning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqadi. Maktab uchun o‘z uyidan xona ajratadi. Uni yangicha o‘quv jihozlari – parta, stol, stul, xattaxtalar bilan jihozlaydi. O‘qish-o‘qitish ishlarini o‘zi tuzgan dasturga muvofiq olib boradi. O‘quv dasturiga dunyoviy ilmlar, boshqa tillarni o‘rganishni kiritadi. Zarur darsliklarni o‘zi yaratadi. Chunonchi, “San’ati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy” (1908) kitobini savod chiqarishga va husnixat namunalarini o‘rganishga bag‘ishlagan. Maktab xarajatlari va bolalarni o‘qitgani uchun u ota-onalardan hech qanday haq olmaydi.

5.JPG

Bundan tashqari, Is’hoqxon Ibrat qishloq aholisi uchun “Kutubxonai Is’hoqiya”ni tashkil qiladi, 1919 yilda Namanganda xotin-qizlar maktabini ochadi. 1920 yildan boshlab To‘raqo‘rg‘onda savodsizlikni tugatish ishlariga boshchilik qiladi.

Ibrat – taraqqiyparvar

Is’hoqxon Ibratni boshqa ma’rifatparvar zamondoshlaridan ajratib turadigan fazilat – bu fan-texnika yangiliklarini o‘lkamizga olib kirish yo‘lidagi fidoyiligidir. U xorijiy safarlardan grammafon, musiqiy quti, kinoapparat, fotoapparat keltiradi. O‘z uyida kinofil’mlar ko‘rsatishni tashkil qiladi, suratxona ochadi.

1908 yilda Orenburgdan toshbosma anjomlari sotib olib, ko‘p mashaqqatlar bilan avval Qo‘qongacha poyezdda, keyin Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarda keltiradi. Shu yilning o‘zida “Matbaai Is’hoqiya” nomi bilan bosmaxona tashkil etadi. Namangan matbaachiligiga asos bo‘lgan bosmaxona o‘tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat ko‘rsatgan. Bu yerda o‘tgan davr mobaynida bir qator ilmiy-ma’rifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘nlab kitob do‘konlari faoliyat yuritgan.

7.JPG

– Biz Ibrat domla bilan qo‘shni hovlida yashaganmiz, – deb xotirlaydi O‘zbekiston Qahramoni Xalchaxon Mirzayeva. – Bolalik xotiramda elas-elas saqlanib qolgani shuki, biz ularning uyiga o‘ynagani chiqardik, bog‘laridagi favvora bizni hayratga solar edi. Menimcha, o‘sha paytlarda Namanganda hech kimning uyida favvora bo‘lmagan. Ibrat domla qizlari Adibani traktor haydashga o‘rgatgan ekanlar, “Bundan keyin yer omochda haydalmaydi, xotin-qizlar ham texnikadan xabardor bo‘lishi kerak, bo‘lmasa zamondan orqada qoladilar”, degan ekanlar domla.

Darhaqiqat, Ibrat domla yaratgan bog‘ nafaqat shunchaki daraxtlar bilan to‘ldirib tashlangan maydon, balki mukammal loyiha, ilmiy yondashuvlarasosida yaratilgan tom ma’nodagi muhandislik inshooti bo‘lgan. Ibrat uch tanob otameros yeriga xorijdan keltirilgan noyob manzarali daraxt va gul ko‘chatlarini tur va tabiatiga qarab shunday aniq hisob-kitob asosida joylashtirganki, buni hozirgacha saqlanib qolgan bog‘ tarhida ko‘rish va uning sohibkor bog‘bon, nozikta’b gulchi va bugungi kun tushunchasi bilan aytganda, mohir landshaft dizayneri bo‘lganiga ishonch hosil qilish mumkin. Ko‘pchilik bahra olgan bu bog‘“Gulbog‘”, “Is’hoqiya bog‘i” nomlari bilan mashhur bo‘lgan.

Ibrat – tilshunos, shoir, tarixnavis, publitsist

Prezidentimizning alohida e’tiborini tortgan fazilatlaridan biri Ibrat domlaning ko‘p tilni bilganligidir. Yuqorida zikr etilganidek, arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz va fransuz tillarini puxta bilgan, eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlaridan xabardor bo‘lgan. Bobomiz yaratgan “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”)ni tilshunoslik tarixida shu kungacha bo‘lmagan noyob ilmiy tadqiqot, desa mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ikki, uch tillik lug‘atlar keng tarqalgani holda, olti tillik lug‘at hozirgacha yaratilmagani shunday xulosa qilishga asos beradi.

11.JPG

Shuningdek, Ibrat domla serqirra ijodkor sifatida “Jome’ ul-xutut” (“Xatlar majmui”), “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezon uz-zamon” (“Zamon tarozusi”), “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” kabi tilshunoslikka oid o‘ndan ortiq ilmiy-tarixiy hamda ma’rifiy asarlar yaratgan. U kishining qalamiga mansub yuzlab xalqchil she’rlar milliy adabiyotimizni boyitishga hissa bo‘lib qo‘shilgan. Shoir lirikasi asosan g‘azal, murabba’, muxammas, ruboiy, shuningdek, ma’rifatparvarlik ruhidagi va hajviy she’rlardan iborat. Birinchi she’rlar kitobini Ibrat 1909 yilda “Ilmi Ibrat” nomi bilan chop ettirgan. Ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlari “Mezon uz-zamon” nomi bilan bosilgan. Shoirning “Devoni Ibrat” nomli qo‘lyozma she’rlardan iborat kitobi tergov qilganlar tomonidan yo‘qotib yuborilgan.

Sobiq sho‘ro davridagi ko‘plab oqil va fozil kishilar qatori Is’hoqxon Ibrat ham 1937 yilda 75 yoshida hibsga olingan va ikki oy o‘tgach, Andijon qamoqxonasida vafot etgan.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
3 556